Yuqori-Chirchiq tumanidagi Qishloq xo‘jaligida yuqori agrotexnologiyalar maxsus sanoat zonasida Xitoyning “Yangling” xalqaro qishloq xo‘jaligi kompaniyasi bilan hamkorlikda maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda.
Unga Toshkent viloyati Yuqori-Chirchiq tumanidanjami 116.5 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, shundan 55.5 gektar maydonda sanoat zonasi hamda 61 gektar maydonda demonstratsion maydon tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
“Poydevor qo‘yish marosimi”da O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, Toshkent viloyati hokimligi va Xitoy delegatsiyasi, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalarining 150 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.
<iframe width="1326" height="746" src="https://www.youtube.com/embed/SL3asW5m0sk" title="Poydevor qo‘yish marosimi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>-Ushbu loyiha doirasida 15tadan ortiq istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy qiymati 200 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 20 taga yaqin innovatsion loyihalarning taqdimoti bo‘lmoqda, - deydi “Yangling”xalqaro hamkorlik korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Chen Bin. - Jumladan, qishloq xo‘jaligida sifatli ko‘chat to‘qimasi va naslchilik, soha uchun texnika va uskunalar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida uchuvchisiz dronlarda o‘simliklarni maqsadli himoya qilish xizmati, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha aqlli ishlab chiqarish liniyasi, qishloq xo‘jaligidagi sovuq zanjirli logistika ombori va sovutkichli saqlash, qishloq xo‘jaligi texnikasini keng ko‘lamda ekish uchun ko‘rgazma bazasi, yuqori sifatli ko‘chatlarni standartlashtirilgan holda tanlash, issiqxona uchun avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimi, aqlli purkash vositalari va o‘tlarni tozalash uskunalarini tadbiq etish, robot yordamida 3D ekish kabi istiqbolli yo‘nalishlar shular jumlasidandir. Bugun qurilishiga tamal toshi qo‘yilgan “Yangling” agroinnovatsion texnoparki 2026 yilda qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ushbu maxsus sanoat zonasida Xitoy, Italiya, Yaponiya va boshqa qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlar tajribasini joriy etish hamda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda 20 ta paxta, 10 ta bug‘doy, 10 ta makkajo‘xori, 50 ta sholi, 40 ta uzumning yangi nav va duragaylarini yaratish ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 500 ga maydonda pomidor yetishtirish, quritish va qayta ishlash, yeryong‘oq va quruq mevalar yetishtirish, 5 ming gektar yer o‘zlashtirilib, qattiq bug‘doy yetishtirish, un zavodi, makaron va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur sanoat zonasi faoliyati natijasida mamlakatimizda yuqori texnologiyali agroishlab chiqarish infratuzilmasi yaratiladi, yangi ish o‘rinlari ochiladi, mahalliy mahsulotlar eksporti kengayadi hamda hududlarning iqtisodiy salohiyati oshadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA