Turizm dunyo iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biriga aylanib bormokda. U nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlaydi.
Turizm sohasida ulkan yutuqlarga erishgan mamlakatlarda mazkur soha milliy g‘urur, madaniy meros va iqtisodiy taraqqiyotning ajralmas qismiga aylangan.
Xitoy hukumati so‘nggi o‘n yillikda turizm sohasiga katta e’tibor qaratdi. Mazkur davlatda turistlarni jalb etish uchun bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, har bir viloyatda tarixiy va tabiiy ob’ektlar qayta tiklandi. Masalan, Pekindagi Tyananmen maydoni, Siandagi Terakota askarlari, Guylindagi tog‘lar va Vuyan hamda Xuanlin qishloqlaridagi tabiiy manzaralar xorijlik sayyohlarning e’tiborini tortadi.
Mamlakat bo‘ylab tezyurar poyezdlar tarmog‘i, zamonaviy aeroportlar, mehmonxonalar va transport xizmatlari keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa turistlar uchun qulay va xavfsiz sayohat muhitini yaratadi.
Xitoyda har yili Yangi yil (Chunze), Lampa festivali, Choy bayrami kabi an’anaviy tadbirlar o‘tkaziladi. Ularda mahalliy urf-odatlar, milliy liboslar va xitoy taomlari namoyish etiladi.
Bundan tashqari tabiatni asrashga qaratilgan ekologik turizm yo‘nalishlari rivojlanmoqda. Masalan, Sansinshan milliy bog‘i va Xuanlin qishlog‘i tabiat go‘zalligi bilan sayyohlarni jalb qiladi.
Xitoy turistik targ‘ibotni raqamli platformalar orqali amalga oshiradi. Douyin (TikTok), WeChat orqali “China – beyond your imagination” shiori bilan mamlakatning go‘zal manzaralari keng targ‘ib qilinadi.
So‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki turizm sohasida ham faol rivojlanmoqda.
Masalan, o‘tgan yillar davomida ikki davlat o‘rtasida “O‘zaro turizm yillari” dasturi amalga oshirilib, madaniy festivallar va ko‘rgazmalar tashkil etildi. Xitoylik turistlar Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlariga qiziqish bilan tashrif buyurishmoqda.
Bundan tashqari O‘zbekistonlik yoshlar va jurnalistlar Xitoydagi turizm tajribasini o‘rganish uchun tashkil etilayotgan amaliyotlarda ishtirok etmoqda. Ikki davlat o‘rtasida avia va temir yo‘l yo‘nalishlari ko‘paytirilgan, viza muammolari ijobiy hal etilgan.
Bu hamkorlik nafaqat iqtisodiy aloqalarni, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ham mustahkamlaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BVkzGE5BX24" title="Qanday qilib turistik salohiyatni kuchaytirish mumkin?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva, Iskandar Ismatov (video), O‘zA