Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi taraqqiyotga g‘ov bo‘ladi, jamiyatni orqaga tortadi. Shu bois taraqqiylashayotgan davlatlarda mazkur illatga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonda unga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Shunga ko‘ra, vazirlikda ham “huquqiy eksperiment” doirasida bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimida byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishi, korrupsiya holatlarini erta aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlar misolida ham buni ko‘rish mumkin.
Shu yil iyul holatiga vazirlik tizimining moliyaviy sohadagi 1280 nafar rahbar xodimi faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi va nepotizm holati aniqlangan. Bunday salbiy holatlarni aniqlash va bartaraf etishda vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasining o‘rni salmoqli bo‘lmoqda, desak mubolag‘a emas. Buni tuzilma tomonidan hozirga qadar 567 ta shunday holat aniqlanib, o‘z vaqtida bartaraf etilgani ham tasdiqlaydi.
Umuman, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan korrupsiyaviy xatti-harakatlarni bartaraf etish va tizimda shaffoflikni ta’minlashga doir chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ogohlantirishicha, agar tibbiyot muassasalarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar mavjud bo‘lsa, bo‘linmaning respublika bo‘yicha yagona bo‘lgan 1203 raqamli “Ishonch telefoni” yoki t.me/ssvantikor_bot telegram botiga murojaat qilish mumkin. Murojaatchining shaxsi qat’iyan sir saqlanishi kafolatlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi har qanday korrupsiyaviy holatga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishda davom etadi hamda fuqarolarning har bir murojaatini e’tibordan chetda qoldirmasligi ta’kidlangan.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA