Oq uy AQSH Prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo sammiti doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashishini ma’lum qildi.
Binobarin, Amerika yetakchisi Xitoy noyob tuproq unsurlari eksportiga nisbatan joriy etgan kutilmagan cheklov va dunyoning yirik iqtisodiyotlari o‘rtasida savdo ziddiyati kuchayib borishi asnosida Chin mamlakati rahbari bilan uchrashuv masalasida ikkilanib qoldi, deb yozgan "The Washington Times".
Tramp esa "Uchrashuv ikki davlat munosabatida ijobiy natija berishi mumkin", deb hisoblaydi.
- O‘ylaymanki, biz kelishuvga erishamiz, - degan u. - Si Szinpin bilan uchrashuv Osiyo safarining bir qismi, Sharqiy Osiyoga tashrifning asosiy voqeasidir.
Avvalroq AQSH rahbarining Xitoy bilan savdo urushi davom etayotgani haqidagi bayonoti yangragan. Qolaversa, Oq uy rahbari 1 noyabrdan XXRdan borayotgan tovarlarga 100 foiz boj joriy etish, barcha muhim dasturiy ta’minotlarga eksport cheklovi kiritish rejasini ham ma’lum qilgan.