O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov hamda Turkiyaning "Zile" Savdo palatasi raisi Nejati Biche boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro investitsiya imkoniyatini kengaytirish hamda mamlakatimiz biznes muhitini o‘rganish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar yurtimizda ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va mahsulot yetkazib berish yo‘nalishlarini ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, hamkor tomongan qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi mavjud ehtiyoj va salohiyat haqida ma’lumot berildi.

Respublikamizda sut va parrandachilik mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari, shuningdek qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun keng imkoniyat bor. Ushbu sohalarda yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va kooperatsiyani kuchaytirish orqali ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi sheriklik platformalari yaratish mumkinligi ma’qullandi.
Yakunda aloqalarni izchil davom ettirish, biznes missiyalari, kooperatsiya uchrashuvlari tashkil etish orqali amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
M.Pirmatova, O‘zA