Vodiy turizmining jadal rivojlanayotgan hududi – Namanganda keyingi yillarda xalqaro darajadagi tadbirlar o‘tkazilmoqdaki, bu yurtimizga sayyohlarni jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bahor va yozgi damlarda gullar iforidan bahramand bo‘lgan manzillardan biri Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parki fusunkor kuz faslida yana bir nufuzli anjuman – IV xalqaro asal festivaliga mezbonlik qildi.

Ekologik toza va xushta’m mahsulotning dunyoviy targ‘ibotiga aylangan Xalqaro asal festivalining navbatdagi tadbirlarida mamlakatimizning aksar hududlari hamda qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi va Turkiya davlatlaridan kelgan ikki yuzga yaqin asalarichilar 100dan ortiq pavilonlarda ishtirok etmoqda.

Namangan viloyati hokimligi, Respublika Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi hamkorligida uyushtirilgan mazkur festival dasturi rang-barang bo‘lib, unda asal savdo ko‘rgazmalari, turli seminar va muzokaralar, osh chempionati  musobaqasi, milliy liboslar namoyishi, san’at ustalari ijrosidagi konsert va kulgu kechasi, rassomlarning rangtasvir ko‘rgazmasi, hunarmandlar yarmarkasi o‘rin olgan.

Mazkur tadbirlar sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sanoatlashtirish, xalqaro tajriba almashuv platformasini yaratish, mavjud muammolar yechimini topishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

E’tirof etish joizki, to‘rt fasl mujassam, iqlimi mukammal jannatmonand yurtimizda asal yetishtirishning istiqboli beqiyos. Gullar yurti – Namanganda ham asalarilar uchun bitmas-tuganmas, xilma-xil nektar manbasi bor. Shu nuqtai-nazardan ushbu Xalqaro asal festivalida O‘zbekistonda va boshqa ko‘plab xorijiy mamlakatlarda yetishtirilgan asal mahsulotlarining noyob ko‘rgazmasi barchaga manzur bo‘lmoqda. Festival, ayniqsa, soha vakillariga asal yetishtirish barobarida asalarichilik hunarmandchiligi buyumlarini tayyorlashdek ilmu hunar uyg‘unlashgan o‘ziga xos maktab, hamkorlik maydoni sifatida muhim rol o‘ynaydi.

Quvonarlisi shundaki, Namanganda asal yetishtirish borasida respublikada o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan. Keyingi yillarda viloyatda iste’mol bozorini ekologik jihatdan toza oziq-ovqat mahsuloti bilan to‘ldirishda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligining bu tarmog‘i jadal rivojlanib bormoqda. Hozir viloyatda sohaning 4 ming 600ga yaqin mehnatsevarlari 348 ming asalari uyasini parvarishlamoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida asalarichilar tomonidan 4 ming 500 tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi. Tahlillarga ko‘ra, viloyatda asal yetishtirish ko‘rsatkichi yiliga 10-12 foizga oshib bormoqda. Mamlakatimizda asal eksporti 3,3 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shuning 30 foizi namanganliklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Festivalda rasmiy taklif etilgan mehmonlar qatorida Xitoy Xalq Respublikasidan bir guruh asalarichilar birinchi marotaba ishtirok etmoqdalar. Ular o‘zlari tabiiy yo‘l bilan yetishtirgan turfa xil bol mahsulotlari bilan qatnashish asnosida O‘zbekistonda asalarichilik tarmog‘ining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari mavzuidagi seminarda xalqaro ekspertlar sifatida ishtirok etdilar. Qolaversa, mahalliy asalarichilik mahsulotlarini Chin o‘lkasi bozoriga olib kirish, eksport salmog‘ini oshirish borasida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi biznes uchrashuvi ham g‘oyat manfaatli tarzda o‘tdi.

--Namanganda xalqaro gullar festivali o‘tkazilishidan yaxshi xabardormiz. Asal bayrami ham tashkil etilgani esa ayni shunga hamohang bo‘libdi. Boisi, gul va asal bir-biriga chambarchas bog‘liq,--deydi Xitoyning Pekin shahridan kelgan asalarichilik bo‘yicha professor Sujing Ding. – Lekin shuni aytish kerakki, festivalning saviyasi va darajasini oshirish, asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish, asal yetishtiruvchilarga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishda muammolar borligini ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Bu borada biz namanganlik hamkasblarimizni o‘zaro hamkorlikda ishlashga taklif etdik. Asalarichilikka ixtisoslashtirilgan fabrikamizda o‘zimiz asalarilarni parvarishlaymiz, olinadigan mahsulotni tabiiy holicha ixcham idishlarga qadoqlab, asosiy qismini eksportga chiqaramiz. Ishda ilmga asoslanganmiz, uni xalqaro festival ishtirokchilariga ommalashtirmoqchimiz.

Umuman olganda, 2 ming 500ga yaqin xorijiy, 10 mingdan ortiq mahalliy turistlar tashrifi kutilayotgan Asal festivali har jihatdan mazmunli madaniy, ilmiy-amaliy tadbirlar, ko‘ngilochar tomoshalar va muhimi, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga boy bo‘ladi. Asosiysi, odamlar biri-biridan ajoyib ko‘rgazmalarda asalning o‘ziga xos xususiyatlarini his etgan holda, chiroyli idishlarga qadoqlangan shifobaxsh ne’matni xarid qilmoqda.

Asal bayrami ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda. Tadbir ochilishida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro asal festivalining nufuzi va qamrovi ortmoqda