Buxoro shahridagi 24-son “Nurli maskan” va 27-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni mustaqil hayotga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning kasb-hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida darsdan tashqari qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash hamda mebelsozlik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan to‘garaklarda malakali mutaxassislar tomonidan o‘quvchilarga hunar sirlari o‘rgatilmoqda. Ushbu to‘garaklar nafaqat bolalarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantiradi, balki ularda mehnatsevarlik, mustaqil fikrlash va ijodkorlik fazilatlarini ham rivojlantiradi.
Buxoro shahridagi 123-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘quvchilarning darsdan tashqari bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida kulolchilik va tikuvchilik to‘garaklari tashkil etilgan.
Mazkur to‘garaklar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni mehnatsevarlik va mustaqil fikrlashga o‘rgatish, shuningdek, kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Kulolchilik to‘garagida o‘quvchilar sopol buyumlar yasash, ularni bezash va bo‘yash kabi amaliy jarayonlarda ishtirok etish orqali nafaqat milliy qadriyatlarimizni o‘rganmoqda, balki estetik didini va ijodiy tafakkurini ham rivojlantirmoqda.
Tikuvchilik to‘garagida esa o‘quvchilar turli matolardan liboslar tikish, bezak berish, naqsh solish va tikuv mashinasidan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda. Ustozlar rahbarligida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar bolalarning nafaqat kasb-hunar o‘rganishiga, balki o‘ziga ishonch va mas’uliyatni shakllantirishiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.