25-oktyabr – ichki ishlar organlari xodimlari kuni.
Lochin kabi osmonlarda baland uchgan,
Vatanimga qasam deya, ont ham ichgan.
Ona zamin tuprog‘ini sevib quchgan –
Vatanimning mardu maydon posbonlari!
Bugungi tinch-totuv va shodu xurram hayot kechirishimiz, avvalo, kun sayin xalqimizning hurmat-e’tiborini qozonib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining beminnat xizmatlariga bog‘liqdir.
Tinchlik – bu nurafshon taraqqiyot sari tashlanayotgan qadamlarning zalvorli ammo unsiz tovushiga o‘xshaydi. Tinchlik – bu Ona Vatanimizni, oilamizni, hayotimizni nurga to‘ldirib, ezgu niyatlarimiz ro‘yobga chiqishining muhim kafolatidir.
Bunday ulkan baxt-saodat davomli bo‘lishi uchun har doim dilimizda, tilimizda shukrona bor, bo‘lishi lozim.
O‘z huzur-halovatidan kechib umrini siz va biz, ya’ni fuqarolar osoyishtaligi va barqarorligi, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qolaversa, qonun ustuvorligini ta’minlashdek mashaqqatli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlari xizmatlari har qanday tahsinga loyiqdir. Bunday e’tiroflarni bugun aholining turli qatlamlari, yoshidan qat’i nazar barcha vatandoshlarimizdan eshitish mumkin.
Ha, qachonki dillar, ko‘ngillar xotirjam bo‘lsa, uyda, mahallada muammo bo‘lmasa, ahillik-inoqlik hukmron bo‘lsa, demak butun yurt tinch, Vatan erkin nafas olayapti. Demak, yangilanish, bunyodkorlik, yaratuvchanlik bor, u davom etayapti. Kimdir dalada mehnat qilayapti, kimlar zamonaviy sanoat korxonalarida, yoshlar esa emin-erkin o‘qimoqda – ilm o‘rganmoqda, xorijiy tillarni o‘rganmoqda.
Islohotlar qachon amalga oshadi? Tabiiyki, tinch sharoitda, osuda yurtda. Investorlar qaysi yurtlarga o‘z mablag‘ini tikib, shu yurt ham, o‘zim ham foyda ko‘rsam deydi? Tabiiyki, qonunlar amal qiladigan, shart-sharoitlar muhayyo, qulay muhit bor joyda.
Yangi O‘zbekiston xuddi ana shunday imkoniyatlar eshigi ochiq mamlakatga aynib bormoqda. Davlatimiz rahbarining Saudiya Arabistonidan kelgan katta tadbirkorlar guruhi bilan uchrashuvi, ular bilan tuzilgan shartnomalar, yirik-yirik loyihalar bo‘yicha kelishuvlar bo‘lib o‘tganiga hech qancha vaqt o‘tgani yo‘q, kecha Yevropa markazi Bryuselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolanishi, davlatimiz Rahbarining yevropalik moliyachi, tadbirkorlar bilan uchrashuvi, hamma-hammasiga O‘zbekistonimizdagi barqaror tinchlik mustahkamligi zamin yaratmoqda.
Biz mamlakatimiz erishayotgan ulkan yutuqlarni ko‘rib, ko‘zimiz quvonganda, ana shunday muhitni yaratayotgan, tinchlik uchun, yurtimizning har bir go‘shasida qonunlar amal qilishini ta’minlash yo‘lida kecha-kunduz tolmay mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz xizmatini to‘g‘ri baholaymiz, qadrlaymiz va ularga tashakkurlar aytamiz.
Mamlakatimiz xavfsizligi va milliy totuvlik, hamjihatlikni ta’minlash qanchalik muhim vazifa ekanligini barchamiz ko‘rib, anglab turibmiz. Bu yo‘lda Ichki ishlar organlari xodimlari har doim oldingi safda ekanligi ko‘ngillarga g‘urur bag‘ishlaydi.
Bugun O‘zbekiston inson, uning hayoti, qadr-qimmati, erkinligi, sha’ni, ulug‘lanadigan yurtga aylandi. Ichki ishlar organlarining tergov, jinoyat qidiruv, jamoat tartibini saqlash, patrul-post, kinologiya, yo‘l harakati xavfsizligi, probatsiya, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, transportda xavfsizlikni ta’minlash, ekspert-kriminalistika, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash, moliya, tibbiyot singari qator sohaviy xizmatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlari, vazirlik tizimidagi harbiy xizmatchilar Vatan va uning tinchligi yo‘lida ulkan bir kuchga aylangani bor gap.
Tabiiyki, bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qolayotgani yo‘q. To‘g‘ri tanlangan yo‘l, temirdek intizom, kasbga sadoqat sohadagi xizmat sifatini yanada oshirmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, ichki ishlar xodimlarini xalqqa tobora yaqinlashtirmoqda. Aynan, ana shunday yakdillik, yaqinlik jamiyatda tom ma’nodagi tinchlikka zamin yaratadi. Uzluksiz xizmat, har doim ham oila davrasida bo‘la olmaslik, farzandlar tarbiyasi, yaqinlar, safdoshlar, tengdoshlar, mahalla-kuy, do‘stlarning yaxshi-yomon kunlarida yonida turib, ko‘nglini olish, bularning bariga ulgurish, ulgurolmasa o‘rnini to‘ldirish ichki ishlar xodimidan katta kuch talab qiladi.
Ana shunday og‘ir va mashaqqatli sohaga munosib bo‘lgan, uning issiq-sovug‘iga chidaydigan, xizmat davomida uchrashi mumkin bo‘lgan har qanday favqulodda vaziyatlarda o‘z kasbi va harbiy qasamyodiga sodiq qola olish mas’uliyati va murakkabligi Ichki ishlar xodimi kim, qanday kishilar bu soha xodimi bo‘lishi mumkin, degan savollarga javob bo‘ladi.
Mening nazarimda ichki ishlar xodimlari – aynan shu soha uchun tug‘ilgan odamlar. Hayotini shu yo‘lga bag‘ishlagan, o‘quv dargohida olgan bilim va ko‘nikmalarini kundalik hayot bilan uyg‘unlashtira oladigan, ziyrak, jasur kasb egalari.
Ichki ishlar idoralarida ishlab nafaqaga chiqqan va men endi dam olishim kerak degan kishini men bilmayman. Nafaqaga chiqqach o‘z-o‘zidan mahalla-kuyga aralashib, beminnat xizmatda yurganlarini ko‘p ko‘raman. Shu ma’noda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ichki ishlar tizimida uzoq yillar halol xizmat qilib, jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, izdoshlariga shaxsiy ibrat bo‘la olgan, vatanparvar, toza tabiatli, bilimli, boy tajribaga ega bunday insonlarning har bir bosgan izi ibrat, namuna deb o‘ylayman.
Ha, ichki ishlar organlari xodimlari o‘z xizmat faoliyatini doimo xalq ichida olib boradi. Ularning yutug‘i ham, xato va kamchiliklari ham insonlar ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Bu orqali ular fuqarolar himoyachisi sifatida tekshiruvchi yoki nazoratchi emas, balki barcha hayotiy masalalarda aholiga ko‘makchi, chinakam yelkadosh, yonma-yon turadigan yaqin insonga aylanib ulgurdi.
Boshiga arzimagan ish tushsa, ne qilarini bilmay jinoyat ko‘chasida gangib, o‘zini yo‘qotib qo‘yayotganlar qancha?! O‘zining qing‘ir maqsadiga yetishish yo‘lida soxtalikni kasb qilganlar-chi? Nafs ustun kelib – halollik, poklik, jo‘mardlikni qurbon qilayotganlar, niqob sifatida foydalanayotganlar haqida ham ko‘p eshitganmiz, eshityapmiz.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun tartib posbonlari har qachongidan-da hushyor tortib, Vatan oldidagi burchlarini, xalq ishonchini oqlab kelmoqda.
Ularning yurt uchun, xalqimiz tinchligi uchun qilayotgan fidoiyliklariga tasanno, deymiz. Beminnat xizmatlari oldida keksa ota-onalarimiz, xalqimiz qo‘llarini doim duoga ochadilar. Elning duosi, xuddi musaffo osmonimiz uzra baxt qushi o‘laroq uchib yurgandek...
Mashaqqatli lek sharafli xizmatingizda aslo charchamang. Sizlar bor biz har doim xotirjammiz. Tilagim – aziz Vatanimiz tinch bo‘lsin!
Madina Zufarova, O‘zA