Serbiyaning Novi-Sad shahrida 44 ta mamlakatning 255 nafar sport kurashi vakillari ishtirokida o‘tayotgan U23 yosh toifasidagi jahon chempionatining yunon-rum yo‘nalishida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ayollar va erkin kurash bahslari davom etmoqda.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 23 ta milliy terma jamoa orasida 6-pog‘onadan joy egalladi.

Sport kurashlarining mazkur yo‘nalishida Eron, Ozarbayjon, Ukraina, Gruziya, Armaniston terma jamoalari kuchli beshlikni band etdi.
24 oktyabrda erkin kurash va ayollar kurashida dastlabki saralash va yarim final musobaqalari o‘tkazilgan bo‘lsa, 25 oktyabr kuni ayollar kurashida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Shu bilan birga, erkin kurashning bir qator vazn toifalarida saralash va yarim final bahslari tashkil etiladi.

Jahon chempionatining so‘nggi finalchilari o‘rtasidagi kurashlar 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining yunon-rum kurashi bahslarida terma jamoamiz a’zolaridan Abror Otaboyev kumush, Hojiakbar Qo‘chqorov va Mehroj Bahromov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA