Prezident tashrifidan so‘ng...
Maxsus sanoat zonalari O‘zbekiston iqtisodiyotida yangi sifat bosqichiga o‘tish jarayonining yorqin namunalaridan biri sanaladi. Bunday hududlarda davlat siyosati, zamonaviy texnologiya, xalqaro sarmoya va milliy mehnat madaniyati bitta nuqtada uyg‘unlashmoqda. Natijada iqtisodiy taraqqiyotning yangi modeli shakllanmoqda.
Bu kabi loyihalar bir qarashda oddiy ishlab chiqarish hududidek ko‘rinadi. Ammo uning zamirida butun boshli iqtisodiy falsafa mujassam. Ishlab chiqarish orqali ijtimoiy barqarorlik yaratish g‘oyasi bor bunda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda ana shunday manzillardan biri sanalgan Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasiga tashrif buyurgan edi. Biz ham shundan so‘ng mazkur hududga borib, yangicha sanoat muhitini va zamonaviy ishlab chiqarish madaniyatini ko‘zdan kechirdik.

Bu sanoat zonasi 2024 yil 20 martdagi Prezident qaroriga asosan tashkil etilgan. O‘tgan qisqa vaqt ichida u mamlakat sanoat siyosatining yangi bosqichini ifoda eta boshladi. Zamonaviy infratuzilma, qulay logistika, raqobatbardosh muhit va investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bu yerda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Bu hududdagi istiqbolli loyihalardan biri “East Can Solutions” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasidir. Korxona 21 gektar hududda joylashgan bo‘lib, qiymati 90 million dollarni tashkil etadi. Ushbu loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda sanoatlashtirish siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi, – deydi korxona bosh direktori Dilshod Abdubekov. – O‘zining ishlab chiqarish quvvati va xalqaro texnologik standartlar asosida tashkil etilayotgan korxonalar soni ortib bormoqda. Biz ham ana shunday loyihalardan birini amalga oshirdik. Markaziy Osiyodagi sanoqli ishlab chiqarish majmualaridan birimiz. Korxonani AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozladik. Barcha jarayonlar raqamlashtirilgan bo‘lib, ishlab chiqarishda inson mehnati samaradorligini oshiradigan, energiya tejaydigan avtomatlashtirilgan tizimlar qo‘llanilmoqda. Ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich oshirib boramiz. Ilk bosqichda yiliga 600 million dona alyumin qadoq mahsuloti ishlab chiqariladi. Keyingi bosqichlarda bu ko‘rsatkich 1,1 milliard va 2,2 milliard donani tashkil etadi. Bu esa nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki eksport geografiyasini kengaytirish imkonini ham yaratadi. Loyiha ishga tushishi natijasida 60 million dollarlik import o‘rni qoplanib, 20 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada mahalliylashtirish darajasini yuqori bosqichga ko‘tarish rejasi ichki sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirib, milliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi ish imkoniyatlari eshigini ochadi. Loyiha to‘liq ishga tushgandan so‘ng 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Bu nafaqat ishsizlikni qisqartirish, balki aholi daromadlari va mahalliy iqtisodiyot faolligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, davlat byudjetiga salmoqli soliq tushumlari ta’minlanishi mo‘ljallanmoqda.
Shu o‘rinda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan boshqa loyihalar haqida ham qisqacha to‘xtalaylik. Bu yerda oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari yo‘nalishlarida jami 1 milliard 200 million dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan yaqin istiqbolda amalga oshishi rejalashtirilgan 28 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilingan edi. Bu tashabbuslar amalga oshgandan so‘ng yana 7 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bu raqamlar ortida iqtisodiy samara bilan birga ijtimoiy barqarorlik ham mujassam. Chunki har bir yangi ish o‘rni — yangi oilaviy daromad, yangi imkoniyat, yangi hayot sifati demakdir.

Sanoat zonasidagi faoliyat mahalliy aholi uchun ham, yosh mutaxassislar uchun ham yangi imkoniyat eshigini ochmoqda. Bugun bu yerda ko‘plab yoshlar zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni, avtomatlashtirilgan tizimlarni boshqarishni o‘rganmoqda. Bu jarayon milliy kadrlar salohiyatini oshirayotgan muhim maktab vazifasini bajarmoqda.
Bugungi kunda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi kabi joylar mamlakat sanoat rivojining qaysi yo‘nalishda borilayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu yerda innovatsiya va texnologiyalar asosiy harakat kuchiga aylangan. O‘zbekiston iqtisodiyoti xomashyo eksportiga tayangan modeldan qiymat yaratuvchi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish tizimiga o‘tib borayotganini aynan shunday loyihalar misolida ko‘rish mumkin.
Sanoat zonalarida ishga tushayotgan har bir loyiha va har bir yangi uskuna mamlakatimiz iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiy raqamlarda, balki odamlar hayotida, ularning mehnatga, yangilikka va imkoniyatga bo‘lgan munosabatida ham aks etayapti.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri