“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida keltirilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, xalqaro va milliy ekspertlarning ilmiy-amaliy tajriba almashinuvi platformasini yaratish hamda natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Global va milliy iqtisodiyot trendlari: O‘zbekiston – 2030 strategiyasi” IV xalqaro forumi o‘tkazilmoqda.
Xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Milliy statistika qo‘mitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi kabi qator tashkilotlar mutasaddilari qatnashmoqda.
Forum ochilish marosimida nutq so‘zlagan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov xalqaro tadbir ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilab, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash mamlakatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganini qayd etdi.

– O‘z navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq amalga oshirilishini muntazam tahlil qilib, natijalarni jamoatchilikka yetkazib boradi. Bu borada Markazimizning BMT, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borishi Strategiyani global barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘un ravishda baholash imkoni bermoqda. Shu bilan birga, Markaz ekspertlari tomonidan Strategiyani amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan tizimli muammolar ilmiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan amaliy takliflar davlat dasturlari hamda qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qilmoqda, – dedi Eldor Tulyakov.
23-24 oktyabr kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tayotgan mazkur forum dasturidan qator tadbirlar, xususan, 4 ta ilmiy-amaliy konferensiya va talabalar festivali o‘rin olgan.
Tadbirlarda makroiqtisodiy barqarorlik, yashil iqtisodiyotda mehnat bozori, ekoturizm, yashil innovatsiyalar, shuningdek pul-kredit siyosati, investitsion jozibadorlikni oshirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi masalalar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, biznes analitika, raqamli hukumat va iqtisodiy jarayonlarni matematik modellashtirish kabi sohalarga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Indoneziya, Fransiya, Malayziya, Misr, BAA, Xitoy, Pokiston, Latviya, Nigeriya, Rossiya, Hindiston, Ruminiya, Polsha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Germaniya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Eron, Avstriya, Tojikiston kabi davlatlardan 30 dan ortiq xorijiy professor va olimlar ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotiga ko‘ra, forumning ikkinchi kunida akademik faoliyat, ilmiy tadqiqot, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlaridagi so‘nggi tendensiyalar, sanoat trendlari, bank-moliya, davlat xizmati, korporativ boshqaruv kabi sohalarning rahbarlari va amaliyotchilari ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA