Olimlar sayyoramizga yaqinlashib kelayotgan falokatdan ogohlantirmoqda. Kanadaning MakGill universiteti olimlari tadqiqotiga ko‘ra, bug‘ gazi havoga tarqalishi to‘xtamasa, dengiz sathi ko‘tarib, butun dunyo bo‘ylab sohil bo‘yidagi shaharlarni vayron qilishi mumkin.
– Kelajakda dengiz sathi ko‘tarilishi kutilyapti, bu qirg‘oq bo‘yidagi shaharlar asta-sekin suv ostida qolishiga olib keladi, – deyilgan hisobotda.
Olimlar xulosasiga ko‘ra, Afrika, Janubi-sharqiy Osiyo, Janubiy va Markaziy Amerikada suv toshqini qirg‘oq bo‘yidagi shaharlar rivojiga xavf tug‘dirmoqda. O‘rganilayotgan hududlardagi 840 million binoning 136 millioni 2100 yilga kelib dengiz sathi 20 metr ko‘tarilishidan zarar ko‘radi. Bu inshootlarning ko‘pchiligi aholisi zich pasttekisliklarda joylashgan. Xususan, portlar, infratuzilma va madaniy meros ob’ektlari xavf ostida qolishi taxmin qilinyapti.
– Iqlim o‘zgarishi va dengiz sathi ko‘tarilishi okean yaqinida yashaymizmi yo yo‘qmi, har birimizga ta’sir qiladi, – deydi professor Erik Galbrayt.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, bu hisob-kitob arxitektor, rejalashtiruvchi va ishlab chiquvchilar uchun juda muhim. Ular mazkur ma’lumotdan kelajakdagi zararni kamaytirish maqsadida foydalanishlari mumkin.
Avvalroq Janubiy Koreyaning Pusan Milliy universiteti hamda AQSH Gavayi universiteti olimlari ham global isish to‘xtovsiz davom etsa, dengiz sathi ko‘tarilishi muqarrarligidan ogohlantirgan edi.
“Nature Communications” jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, agar global harorat o‘zgarishi 1,8°S dan past darajada barqarorlashmasa, G‘arbiy Antarktida va Grenlandiya muz qatlami yo‘qolib boradi. Shuningdek, dengiz sathi ko‘tarilishi yanada tezlashishi mumkin.
Olimlar fikricha, harorat 2,6-4,1°C oshishi 2150 yilga kelib dengiz sathini 1,4 metr ko‘taradi. O‘tgan asrda dengiz sathi taxminan 20 santimetr yuqorilagan va bu o‘zgarish global isish natijasida tezlashadi.
Tadqiqot mualliflaridan biri Jun-Yang Park tushuntirishicha, Grenlandiya va Antarktidadagi muz qatlami holati o‘zgarishini hisoblaydigan kompyuter ko‘pincha muz erishi okeanga ta’sir etishi, bu esa o‘z navbatida atmosferaga ziyon keltirishi mumkinligini e’tiborsiz qoldiradi. Muz qatlami, aysberg, okean va atmosfera o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni birinchi marta aks ettiruvchi yangi iqlim modelidan foydalanib, olimlar muz erishi va dengiz sathi tez ko‘tarilishi oqibatini faqat 2060 yilga kelib, ya’ni uglerod emissiyasi maqsadiga erishilgan taqdirdagina oldini olish mumkinligini aniqladilar.
– Agar bunga erisha olmasak, muz qatlami tez erib boraveradi, – deydi tadqiqot hammuallifi Aksel Timmermann. – Yaqin 130 yil ichida dengiz sathi bir metr ko‘tariladi. Grenlandiya, Antarktida va Arktika muzi erishi tufayli global dengiz sathi har yili 3 millimetrdan ko‘p ko‘tarilmoqda. XXI asr oxiriga kelib dengiz sathi 20-30 sm yuqorilaydi. Shu kichik raqam millionlab kvadrat/kilometr maydonni suv bosishi uchun yetarli. Agar bor muzlik erisa, okean 60 metrdan ziyod ko‘tariladi.
Barcha muzliklar erisa...
Tadqiqotchilar okean sathi ko‘tarilishidan eng ko‘p zarar ko‘radigan hududni ham keltirib o‘tgan. Masalan, Rossiya shimoli pasttekisliklari suv ostida qoladi. Permafrost erishi natijasida Sibirning ulkan hududi botqoqqa aylanadi. Bir paytlar dengiz bo‘lgan G‘arbiy Sibir tekisligi quruqlikni qaytarib oladi. Agar Kaspiy ko‘tarilsa, Volga hududining bir bo‘lagi ham g‘arq bo‘ladi.
Yevropada 10 000 yil oldin Shimoliy dengiz Buyuk Britaniya, Daniya va Germaniya o‘rtasidagi ulkan hududni yutib yuborgan. Niderlandiyaning salmoqli qismi dengiz sathidan pastda joylashgan. Agar mamlakat qirg‘oq chizig‘ini himoya qiluvchi to‘g‘on buzilsa, millionlab odam zarar ko‘radi. Boltiq dengizi bo‘yidagi mamlakatlarda ham sezilarli o‘zgarish kutiladi. Daniya butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
Osiyoda Gang va Hind daryolari bo‘yida unumdor vodiylar bor. Bu hududlarda millionlab odam yashaydi. 600 million aholi istiqomat qiladigan Sharqiy Xitoy tekisligini ehtimoliy suv bosishi ham insoniyat uchun katta yo‘qotishdir.
Qadimiy qit’a – Afrika esa okeandan baland joylashganligi bois boshqa mintaqalarga qaraganda kamroq zarar ko‘rishi faraz qilinyapti.
Suv sathi ko‘tarilishidan zarar ko‘radigan yana bir hudud – Shimoliy Amerika. Meksika ko‘rfazi bo‘yidagi pasttekisliklar ham suv ostida qolishi mumkin. Florida, Yangi Orlean, Yukatan va Karib dengizidagi orollarning aksariyati yo‘q bo‘lib ketadi.
Janubiy Amerikada esa Amazon, Parana va Orinoko daryolari bo‘ylab tekisliklarni suv bosadi. Binobarin, Buenos-Ayres, Montevideo, Belem, Kartagena va qirg‘oq bo‘yi hududlari kabi megapolislar suv ostida qolishi mumkin.
– Bir qarashda yashil qit’a – Avstraliya suv toshqinidan xoli hududdek ko‘rinadi. Nazariy jihatdan esa Eyr ko‘li atrofidagi pasttekisliklar suv ostida qolib, Orol dengiziga o‘xshash ichki dengiz hosil qilishi mumkin.
Suv sathi ko‘tarilishidan eng ko‘p zarar ko‘radigan joy, shubhasiz, Antarktida. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, bu qit’aning yarmi suv ostida qolishi ehtimoli bor. Ma’lumki, muzli qit’ada odam yashamaydi. Binobarin, faqat ekotizim jiddiy zarar ko‘radi.
Nima bo‘lganda ham insoniyat yana bir global ekologik xavf qarshisida turibdi. Afsuski, bu xavfni insonning o‘zi yaratmoqda va chorasini ham o‘zi topishi lozim.
Saidmurod Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi