Toshkent shahar sport boshqarmasi huzuridagi Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi, shuningdek Olimpiya, Paralimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan federatsiyalar hamda assotsiatsiyalar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ERP.sport yagona elektron boshqaruv tizimining joriy etilishi va u orqali sport tadbirlarini samarali boshqarish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, adaptiv sport turlarini rivojlantirish, ularni “Inklyuziv ta’lim” doirasida ommalashtirish, maxsus maktab va maktab-internatlarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam o‘tkazish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Yig‘ilish davomida "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o‘tkaziladigan sport musobaqalarining respublika bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ularni belgilangan muddatda va yuqori sifatda tashkil etish, o‘quvchi-yoshlarni sportga keng jalb qilish, iqtidorli bolalarni erta aniqlab, ular bilan maqsadli ishlash, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida federatsiya va assotsiatsiya rahbarlariga sport tadbirlarini sifatli o‘tkazish, bolalar salomatligi va jismoniy rivojiga xizmat qiluvchi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar va tavsiyalar berildi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA