Moskva viloyatida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Rossiya delegatsiyasiga Hukumat Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, O‘zbekiston tomoniga esa Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarlik qildi.
Moskva viloyatida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Rossiya delegatsiyasiga Hukumat Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, O‘zbekiston tomoniga esa Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarlik qildi.

Mazkur forum ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikning yuqori darajasini yana bir bor tasdiqladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning 14 viloyati Rossiya Federatsiyasining 50 dan ortiq sub’ekti bilan aloqa o‘rnatgan, qo‘shma loyihalar jami qiymati 6,2 milliard dollardan oshgan.
Yig‘ilishda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamda madaniy-gumanitar sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, elektron savdo, qo‘shma sanoat korxonalari tashkil etish, ulgurji-taqsimot markazlari sonini oshirish, shuningdek mehnat bozorida talabgir mutaxassislar tayyorlash uchun dual ta’lim tizimini joriy etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalarni qamrab olgan 30 dan ortiq hujjat imzolangan ushbu tadbir hududlararo hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi dadil qadam bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 27 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va RF Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin raisligida Hududlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda umumiy qiymati 5 milliard dollardan oshiq shartnomalar to‘plami ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston –Boshqirdiston sanoat parki qurilishi dekabr oyida boshlanishi mumkin
Toshkent viloyatida bunyod etiladigan O‘zbekiston – Boshqirdiston qo‘shma sanoat parki qurilishini joriy yil dekabr oyida boshlash rejalashtirilgan. Bu haqda Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov ikki mamlakatViloyatlar kengashi ikkinchi yig‘ilishida jurnalistlarga ma’lum qildi. O‘tgan yil aprel oyida Boshqirdiston hukumati delegatsiyasining diyorimizga rasmiy tashrifi chog‘ida “O‘zkimyosanoat” AJ mazkur respublika Taraqqiyot korporatsiyasi bilan bu borada tegishli bitim imzolangan.
– Toshkent viloyatida sanoat parki tashkil etish bo‘yicha ishni faollashtirishimiz kerak, chunki bizda rezidentlar bor va ushbu loyihadan har ikki tomon manfaatdor, – dedi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov. – Biz uchun yaratilayotgan sharoitlardan mamnunmiz. Dekabrda qurilishning tamal toshini qo‘yamiz, degan umiddaman. Umuman, butun mintaqa miqyosida aynan O‘zbekiston bilan hamkorligimiz jadal rivojlanyapti. Bu sur’at mahsulot ayirboshlash jarayonida ham aks etyapti. O‘zaro savdo aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 17 foiz oshgan. Quvonarlisi, 92 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” bilan mustahkamlangan sherikligimiz tizimli tus olgan.
Chuvashiya rahbari: O‘zbekiston bilan ta’lim loyihalari yo‘lga qo‘yilgan
Chuvashiya Respublikasi rahbari Oleg Nikolayev O‘zbekiston Respublikasi bilan qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqish, xususan o‘zaro til o‘rganish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilganini ma’lum qildi.
– Ma’lumki, mehnat migratsiyasi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi, – dedi u. – O‘zbekistonda aholi soni o‘sishi sur’ati juda yuqori ekanligini yaxshi bilamiz. Bu holat yoshlarni ish bilan ta’minlash zaruratini kuchaytiradi. Biz Rossiya Federatsiyasida ishlash istagini bildirgan xorijliklar nafaqat rus tilini bilishi, balki zarur ko‘nikmaga ham ega bo‘lishidan manfaatdormiz. Shu bois so‘nggi yillarda qo‘shma ta’lim loyihalari faol ilgari surilyapti. Qo‘shma korxonalar tashkil etish tajriba, bilim almashish, malaka oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, sherikligimiz har ikki tomon ishbilarmonlari manfaatiga asoslangan. Ayni jarayonda tadbirkorlarning tashvishi, muammosiga e’tibor qaratamiz, savollariga javob beramiz, hujjatlarini rasmiylashtiramiz. So‘ngra qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqib, zarur yechimlar topamiz. Mazkur tashabbuslar ijobiy natija bermoqda.
Mintaqa rahbari Chuvashiya O‘zbekistonning uch viloyati – Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolanganini qo‘shimcha qildi.
O‘zA muxbiri Muharrama Pirmatova tayyorladi.