Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari chegarasidagi M–39 xalqaro avtomobil yo‘lining 1326-kilometrida joylashgan “Darband” muntazam yo‘l-patrul postidagi yuk avtomobillari og‘irligini o‘lchash uchun o‘rnatilgan tarozi viloyat hokimi U.Qosimovning qarindoshiga tegishli ekani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabarga viloyat hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirib, “Darband” postida o‘rnatilgan “Tenso M VA–20P” rusumli yuk tarozisini Boysun tumani yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi qaroriga muvofiq o‘rnatganini ma’lum qildi.
Rasmiy munosabatda aytilishicha, mazkur tarozi xususiy shaxsga emas, balki davlat korxonasiga tegishli bo‘lib, u viloyat hokimining qarindoshiga aloqador ekani haqidagi ma’lumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. “Darband” postidagi yuk og‘irligini o‘lchash tizimi – yo‘l infratuzilmasini saqlash, avtotransport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash hamda ortiqcha yuk tashish holatlarining oldini olish maqsadida yuqoridagi me’yoriy hujjatlar asosida o‘rnatilgan.
Hozir viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi “Darband” postidagi nazorat jarayonlarini 24/7 rejimida kuzatuv va tahlil ostiga olgan.
Olib borilgan tekshiruvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim og‘ir yuk mashinalari og‘irlik nazoratidan qochish maqsadida post yaqinida sun’iy tirbandlik hosil qilgan. Ya’ni, ikki yo‘nalish bo‘yicha 30-40 tadan ortiq yuk avtomobili yo‘l chetida to‘xtab turgan holda harakatni to‘sib qo‘ygan. Ularga belgilangan tartibda nazoratdan o‘tish va harakatni davom ettirish taklif etilgan bo‘lsa-da, ayrim haydovchilar buni rad etib, tirbandlikni sun’iy ravishda kuchaytirishda davom etmoqda. Shunga qaramay, me’yordagi yuk bilan harakatlanayotgan transport vositalari belgilangan tartibda vazn nazoratidan to‘siqsiz o‘tmoqda. Ularning harakatida hech qanday muammo kuzatilmayapti.
Munosabat yakunida Surxondaryo viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan asossiz ma’lumotlarga ishonmaslikni va faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri