Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Tzachi Hanegbini ishdan bo‘shatdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
“Bosh vazir Netanyahu menga Milliy xavfsizlik kengashining yangi rahbarini tayinlash niyati haqida ma’lum qildi. Shu munosabat bilan mening milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi va Milliy xavfsizlik kengashi rahbari sifatidagi faoliyatim tugadi”, degan Hanegbi.
Misr razvedkasi rahbari Hasan Rashod 21 oktyabr kuni Quddusda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, suhbatning maqsadi AQSH qo‘llab-quvvatlagan G‘azo bo‘yicha sulhni mustahkamlash bo‘lgan.
Yevropa davlatlari Ukraina bilan birgalikda urushni to‘xtatishga qaratilgan 12 ta punktdan iborat tinchlik rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi. Dastlabki kelishuv shartlariga ko‘ra, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganidan so‘ng, har ikki tomon front chizig‘ini hozirgi holatda mustahkamlab, kelgusida hujumkor harakatlardan voz kechishi kerak bo‘ladi.
Nyu York tovar birjasida (COMEX) oltin narxi 21 oktyabrdagi savdolarda 6 foizga tushib, bir troya unsiyasi uchun 4100 dollarga baholandi. Bu haqda “RBK” xabar berdi. Bu oltin narxining 2013 yildan beri bir kunlik eng katta pasayishidir. Kumush ham arzonlashgan va Newmont kabi tog‘-kon kompaniyalarining aksiyalari keskin tushib ketgan. Oltin unsiyasi 4393 dollargacha ko‘tarilib, yangi rekord o‘rnatganidan bir kun o‘tib pasayish kuzatildi. Bloomberg agentligi bu pasayishni investorlarning foyda olish uchun oltin sotishi bilan izohladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqdagi ittifoqchi davlatlar G‘azo sektoriga qo‘shin yuborishga tayyor ekanini aytdi. U bu haqda Truth Social tarmog‘ida post qoldirdi.
“Yaqinda bir qancha ittifoqchilarimiz menga aniq va ochiq aytdi — agar so‘rasam, ular G‘azoga katta kuch bilan kirib, HAMASni jilovlashga tayyor. Ammo men hali emas dedim”, deb yozgan Tramp.
Tramp hozircha hech bir davlatga, jumladan, Isroilga ham sektorga qo‘shin kiritishga ruxsat bermaganini qo‘shimcha qilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/o6rOd9epy3s" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA