Tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Shu bilan birga, sohada hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar ham yo‘q emas.
Amaliyotda jarrohlik bo‘limlari, tug‘uruqxonalar yoki bevosita qon bilan ishlaydigan bo‘limlarda zararsizlantirish vazifasi autsorsingga berilgan. Ammo shifoxonalarda sterilizatsiyaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasligi xavfli oqibatlarga olib kelishi, hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova shifoxonalarda zararsizlantirish bo‘limlarining autsorsingga topshirilishi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovga deputatlik so‘rovi jo‘natdi.
Unda bugungi kunda tibbiyot muassasalarining notibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun davlat-xususiy sheriklik yoki autsorsing tashkilotlariga berilishining samaradorligi qandayligi, jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot muassasalarining sterilizatsiya xizmatining sifati va autsorsing tashkilotining javobgarligini belgilash mexanizmlari qanday tashkil etilgani, tibbiyot muassasalarida qon orqali yuqadigan kasalliklarning tarqalishining oldini olish bo‘yicha Vazirlik tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqidagi savollarga javob berish so‘ralgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA