Bugun, 21 oktyabr kuni C/2025 A6 (Lemmon) nomli kometa Yerning yaqinidan uchib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Bu kometa birinchi bo‘lib AQSHdagi Lemmon observatoriyasida 2025 yil 3 yanvarda ochilgan bo‘lib, uning orbital davri taxminan 1 350 yilga teng. Ya’ni Quyosh atrofida shuncha vaqt davomida bir marta aylanib chiqadi.
Ushbu aylanish davomida perigeliy nuqtasidan (Quyoshga yaqin nuqta) 2025 yil 8 noyabr kuni o‘tadi. Bu vaqtda uning Quyoshdan uzoqligi taxminan 0,53 astronomik birlik (80 million km) masofada yetadi.
Yerga maksimal yaqinlashishi 2025 yil 21 oktyabrga to‘g‘ri kelib uning yorqinligi taxminan 4-5 magnitudani tashkil qiladi.
Bu paytda Yerga 0.6 astronomik birlik (90 mln km) masofagacha yaqinlashadi. Kometa Quyosh botgandan so‘ng g‘arb tomonda va gorizontga yaqinroq masofada Ho‘kizboqar (Volopas — Bootes) yulduz turkumi (Katta ayiq yulduz turkumining yonida) fonida ko‘rinish beradi.
O‘zbekiston hududida kuzatish mumkinmi?
Albatta, O‘zbekiston hududida bu kometani kuzatish mumkin. Bunday yorqinlikdagi kometani yurtimizdagi shaharlardan uzoqroq manzillarda va qorong‘u joylarda Quyosh botgandan so‘ng oddiy ko‘z bilan xiraroq yulduzsimon ob’ekt sifatida ko‘rish mumkin.
Toshkent shahrida va boshqa shahar markazlarida esa yorug‘lik manbaalari ko‘pligi sababli bu kometani kuzatish biroq qiyinroq. Maxsus binokl yoki kichikroq teleskoplar bilan yanada yaxshiroq ko‘rish mumkin. Ushbu kometa keyingi safar 1 350 yildan keyin Yerga yaqinlashadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Q2btuMYqpKI" title="Yerga "kometa" yaqinlashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA