Fasllar almashib, yana sovuq kunlar yaqinlashmoqda. Kuzatuvchi-mutaxassislarning aytishicha, tabiat allaqachon mintaqamizdagi baland tog‘ cho‘qqilarini oppoq qor bilan siylab, qish eshik qoqayotganidan ogohlantirdi. Sinoptiklar ham mamlakatimizga qishga xos goh salqin, goho sovuq iqlim kirib kelishini qayd etib, qishli-qirovli fasl yaqinligini eslatayotir.
Shu kunlarda Surxondaryo taraflarda tevarak-atrofni kuzatsangiz, daraxtlar tepadan barg to‘kayotganiga, turnalar erta va pastlab uchib o‘tayotganiga ko‘zingiz tushadi. Tabiatni kuzatuvchi keksalarning fikricha, bu hodisalar ham qishning qattiqroq kelishidan, “Qish o‘chog‘i tor, tur, uyingga bor”, degan maqol hazilomuz ohangda tez-tez aytiladigan fasl boshlanishidan darak berarmish.

Sinoptiklar xabar, tabiat darak berayotgan sovuq kunlarda Surxondaryo viloyatida kelajagimiz egalari bo‘lmish o‘g‘il-qizlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun qanday hozirlik ko‘rilmoqda? Izg‘irinli qish fasli uchun yetarli yoqilg‘i jamg‘arildimi? Isitish tizimlari mavsumga tayyormi?
Surxondaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vohada 971 ta umumta’lim, bitta Prezident, 17 ta ixtisoslashtirilgan va 15 ta barkamol avlod maktabi, 491 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud. Ayni paytda bu ta’lim muassasalari bizning o‘quvchilik davrimizdagi kabi qo‘lbola usulda o‘tin bilan emas balki markazlashgan holda isitiladi. Jumladan, ularning 66 tasi tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan. 1 ming 429 tasi markazlashgan ko‘mir yoqilg‘isi bilan isiydi. Shu yilning o‘zida viloyatdagi 30 maktab va 19 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti joriy ta’mirlanib, isitish tizimi yanada yaxshilandi.

Bo‘lg‘usi kuz-qish mavsumi uchun viloyatdagi 974 ta maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 28 ming 833 tonna ko‘mir zaxirasi yaratildi. Shuningdek, issiqlik tizimi davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berilgan 305 ta maktab va 154 ta maktabgacha ta’lim muassasasiga belgilangan 19 ming 167 tonna ko‘mir yoqilg‘isi jamg‘arildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotlariga nazar tashlasangiz, yaqinlashayotgan qish faslida maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida isitish bilan bog‘liq muammolar yuz bermasligiga, ijtimoiy tarmoqlarda ta’lim muassasalari tanqidiy fikrlar nishoniga aylanmasligiga ishonch paydo bo‘ladi. Ayni paytda tuman va shahar hokimlari ham ijtimoiy soha ob’ektlari, shu jumladan, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayonlarini o‘rganib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rayotgani kishida xotirjamlik uyg‘otadi.

Angor tumani o‘quvchilari 47 ta umumta’lim maktabida ta’lim olmoqda. Jajji bolajonlar esa 26 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanib, kamolga yetayotir. Tumanda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining barqaror isishini ta’minlash uchun 542,3 tonna maktablarga qariyb 2 ming 85 tonna ko‘mir zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.
Tuman hokimi Qosim Mardonov hududlarda bo‘lganida ta’lim-tarbiya muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirmoqda. Bu ishga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, maktab direktorlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudirlari bilan uchrashuvlar tashkil etib, aniqlanayotgan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha aniq topshiriqlar bermoqda. Isitish tizimlarining sifatli ta’mirlanishi, yoqilg‘i zaxirasining shakllantirilishi va elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratayotir.

Bandixon tumanida kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha ob’ektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, mavsumni betalafot o‘tkazish uchun uzluksiz faoliyat yuritadigan shtab tashkil etildi. Mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganish, ularni bartaraf etish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzildi. Seminar tashkil etilib, barcha ijtimoiy soha inshootlari, ayniqsa, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarini qishli-qirovli kunlarga tayyorlash masalalari muhokama etildi. Mavsumni betalafot o‘tkazish uchun zarur vositalar topshirilib, o‘rganishlar chog‘ida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish choralari belgilandi.

Muzrabot tumanidagi 58 ta umumta’lim maktabi va 23 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida isitish tizimlari sinovdan o‘tkazilib, holati, xonalardagi harorat hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Tuman hokimi Abdulla Mamatqulov aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, mavsumda o‘g‘il-qizlar uchun barcha sharoitlarni yaratish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Viloyatning boshqa hududlarida ham ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari so‘nggi bosqichda davom etmoqda. Bu jarayonda o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarning sog‘ligi hamda xavfsizligini ta’minlash, ta’lim-tarbiya muassasalarida isitish uskunalarining texnik sozligi, uzluksiz elektr energiyasi ta’minoti, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi va issiqlikni saqlash kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatda bo‘lg‘usi izg‘irinli sovuq kunlarda o‘quvchi va bolajonlarning barcha sharoitlarga ega issiq muassasalarda ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan bunday sharoitlar ham mamlakatimizda yosh avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning amaldagi ifodasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri