Farg‘ona viloyati tarixida 2025 yil alohida iz qoldirishi aniq. Albatta, iqtisod, qurilish, ma’naviyat sohalarida ulkan natijalarga erishilyapti. Lekin paxtachilikda... Ilgari o‘rtacha paxta xosildorligi mamlakatda ham, viloyatda ham 25-30 sentnerdan oshmagan.
Lekin amalga oshirilgan islohotlar, tarmoqqa ilm kirib kelishi, yangi nav urug‘lari va ekish uslubidagi o‘zgarishlar pirovard natijada gektaridan olinayotgan paxta miqdorini keskin oshirdi. Agar 2017 yilda har gektaridan o‘rtacha hosil 23,3 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 35,6 ga yetdi. 2024 yilda yalpi hosil 2017 yildagi 220,4 ming tonnaga nisbatan 44,6 ming tonnaga ko‘payib, 265,0 ming tonnani tashkil etdi. 2025 yil esa keskin o‘sish yili bo‘ldi. Shartnoma 313,2 ming tonna, ammo amalda hisob-kitoblarga qaraganda 350 ming tonna paxta hosili yetishtirilgan. Kutilayotgan hosildorlik esa rejadagi 43,5 sentner o‘rniga 50,0 sentner bo‘ladi, deyishmoqda mutaxassislar.


Bugungacha viloyatda birinchi bo‘lib Qo‘shtepa, so‘ngra Uchko‘prik tumanlari dehqonlari shartnoma rejalarini bajardilar.
Qo‘shtepada hozirgacha o‘rtacha har gektaridan 45 sentnerdan ortiq hosil olindi. Xirmonga 28 ming tonnaga yaqin paxta topshirildi.

Tumandagi 144 ta fermer xo‘jaligiga qarashli 6 ming 400 gektar maydonda mahalliy hamda xorijiy g‘o‘za navlari ekilib, agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlandi. Fermer xo‘jaliklarini texnika, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlash, mexanizatorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Buning natijasida tumandagi “Nasibaxon Habibaxon fayzi”, “Muxtorali Xudoberdi”, “Rovvot zamin fayzi”, “Nishonov Ravshan Odil o‘g‘li” kabi ko‘plab fermer xo‘jaliklarida o‘rtacha 50 sentnerdan ortiq hosil olinib, yuqori ko‘rsatkichlar qo‘lga kiritildi.


Farg‘ona viloyatida paxta yig‘im- terimi davom etmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA