“Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan “Talaba Expo – 2025” loyihasi mamlakatimiz yoshlarining orzu va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Barcha joylarda bo‘lgani kabi Urganch shahrida ham “Talaba Expo – 2025” ko‘rgazma-yarmarkasi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Unda korxona va tashkilotlar, ish beruvchi tadbirkorlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida joriy etilgan “Kelajakka qadam” loyihasi yurtimizda ishsizlikni, kambag‘allikni bartaraf etish, yoshlarning mehnat bandligini ta’minlashdek o‘ta dolzarb masalalarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan “Talaba Expo – 2025” loyihasi yurtimiz yoshlarining orzu-intilishlarini batafsil o‘rganish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.



– “Kelajakka qadam” loyihasi asosida o‘z tadbirkorlik ishimni boshladim, – dedi Elyor Rahimov. – Faoliyatimiz xizmat ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq. Hozirda 8 nafar talaba uchun ish o‘rni yaratildi. Kelgusida Milliy bank bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish niyatim bor. Bu esa qo‘shimcha 20-30 nafar talaba uchun yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
– Jizzax viloyatining Dashtobod shahrida zavod tashkil etganmiz, – dedi “Artel” kompaniyasining bosh mutaxassisi Jahongir Toshev. – Zavod maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona quvvati besh ming nafar ishchi mehnat qilishiga mo‘ljallangan. Mazkur “Talaba Expo – 2025 ko‘rgazma-yarmarkasida 50 nafar talabaga ish taklif etdik. Bunga qo‘shimcha tarzda yana 100 nafar talabani ish bilan ta’minlash rejamiz bor.


Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tgan mazkur “Talaba Expo– 2025 ko‘rgazma-yarmarkasida 128 ta ish beruvchi korxona va tashkilot, tadbirkor o‘zining bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari haqida yoshlarga ma’lumot berdi. Yarmarkaga 10 ming 465 nafar talaba tashrif buyurdi. 3 ming 453 nafar yoshlar bilan suhbat o‘tkazildi. Ish o‘rinlari aniqlagan talabalar soni 1 ming 174 nafarni tashkil etdi. 62 nafar yigit-qiz o‘zlarining biznes loyihasini taqdim etib, tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirildi.

Urganch shahrida tashkil etilgan “Talaba Expo – 2025 ko‘rgazma-yarmarkasi juda ishchan va amaliy ruhda o‘tdi. Talabalar bilan suhbatlar o‘tkazildi, ularning loyihalari bilan yaqindan tanishildi. Ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur loyiha yoshlar uchun juda foydali bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA