Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan amaldagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunga bir qator yangi moddalar va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi belgilanmoqda.
Bu o‘z navbatida, davlat sud ekspertiza muassasalarining mavjud ish yuklamasi kamayishiga, HMQOning malakali sud ekspertizasi xulosalariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirilishi hamda faoliyatda raqobatni qaror toptirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlari joriy etilmoqda.
Sud-ekspertiza muassasalari (tashkilotlari), sud ekspertlari hamda sud-ekspertiza tadqiqotlarida foydalaniladigan uslubiyotlar ro‘yxatining davlat reyestrini yuritish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari ekspertlari hamda nodavlat sud ekspertlarining faoliyati yuzasidan ekspert-malaka komissiyalari tuzilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan sohaga oid yana bir qator o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasining muhimligini qayd etib, bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA