Toshkent viloyatida “Sog‘lom avlod – xavfsiz jamiyat” tezkor-profilaktika oyligi doirasida viloyat IIBB hamda DXX viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, Angren shahrida o‘tkazilgan tadbirda ushbu shaharda yashovchi 2000 yili tug‘ilgan A.X. “zakladka” usulida yashirilgan “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi 2004 yili tug‘ilgan shaxs(S.D.)ning ko‘rsatmasiga asosan unga yetkazayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan dalillar bilan protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tadbirda Chinoz va O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi (1983 va 1985 yili tug‘ilgan) ikki shaxs Oqqo‘rg‘on tumanida “zakladka” usulida yashirilgan 1 kilogramm “gashish” giyohvandlik vositasini yashirilgan joydan olayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlandi.
Qayd etish lozimki, giyohvandlik moddalari bilan qonunga zid muomala qilish 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Joylarda bu kabi profilaktika tadbirlari davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA