15 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning kun tartibi juda tig‘iz bo‘ldi. Davlatimiz rahbari qator uchrashuvlar o‘tkazdi, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi va qurilishi boshlanayotgan yirik ob’ektdagi tantanali marosimda ishtirok etdi.
Xususan, xalqaro hamkorlik va mamlakat iqtisodiyoti rivoji yo‘lidagi muhim voqelik – Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimni olaylik.
Jahonning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbusda Saudiya Arabistoni kompaniyalari yetakchi o‘rin egallagan. Iqtisodiy sheriklikni yangi bosqichga ko‘taradigan ushbu innovatsion infratuzilma ob’ekti, eng asosiysi, “yashil iqtisodiyot” tamoyiliga ham mos keladi. Yana bir muhim jihat: yangi aeroport “yashil standart” talabiga javob beradigan mintaqadagi ilk aeroport bo‘ladi. Terminallarda 46 000 kvadrat metrli ulkan “Duty free” hududi tashkil etiladi.
Tadbirda ishtirok etgan Saudiya kompaniyalari yetakchilari ham loyihaning aynan ekologik yo‘nalishini alohida e’tirof etdi. Jumladan, “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekiston bo‘yicha mintaqaviy direktori Jon Zaidiy shunday dedi:
– Bu tarixiy ahamiyat kasb etgan kunda biz ikki mamlakat strategik taraqqiyot konsepsiyasi amalda qanday ishlayotganiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Zero, Yangi aeroport qurilishi aynan bir-biriga uyg‘un ikki strategiya asosida amalga oshiriladi. Yashil energiyaga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonining muhim qismi sifatida majmua “net zero”, ya’ni nol chiqindili bo‘ladi.
“ACWA Power” kompaniyasi bu yo‘nalishni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bunday loyihalardan juda mamnunmiz. Zero, majmua nafaqat yangi sarmoya jalb qiladi va minglab ish o‘rinlari yaratadi, balki energiya tejamkorligi va ekologiya barqarorligi sohasiga innovatsiya joriy etish imkonini ham yaratadi. Shu nuqtai nazardan mazkur aeroport butun Markaziy Osiyo uchun namunaviy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni, O‘zbekiston tajribasi mintaqadagi boshqa davlatlarni ham yashil energiyaga o‘tish jarayonini jadallashtirishga ilhomlantiradi. Biz shu jarayonning bir qismi ekanimizdan faxrlanamiz. Prezidentingiz tomonidan ilgari surilgan 2030 yilga qadar mavjud manbalarning 54 foizini “yashil energiya”ga aylantirish maqsadi ham transformatsiya tizimining muhim tarkibiy qismidir.
Qayd etish joiz, bugungi kunda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarning jami qiymati 27 milliard dollardan oshgan. Joriy yil boshidan buyon yurtimizda ushbu davlatning 2 milliard dollarlik investitsiyasi o‘zlashtirildi. O‘zaro savdo miqdori barqaror o‘smoqda, havo qatnovi soni haftasiga 60 martaga yetdi. Navbatdagi voqea ham nafaqat respublikamiz transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish, balki mamlakatni mintaqadagi “yashil logistika” markazlaridan biriga aylantirish sari qo‘yilgan dadil qadamdir. Yangi aeroport nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun yangi davrni boshlab berishi shubhasiz.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri