Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etib, buyuk jadid alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, kitobxonlikka jalb etish, mustaqil va tanqidiy fikrlash, vatanparvarlikni shakllantirish maqsadida “Jadidlar izidan” Respublika tanlovi tashkil etilmoqda.
Ushbu tanlovning Navoiy viloyati tuman (shahar) bosqichida ishtirok etish uchun mavjud 369 ta ta’lim muassasasidan 6-8 sinf toifasida 11 ming 390 nafar, 9-11 sinf toifasida 6 ming 443 nafar, jami 17 ming 833 nafar o‘quvchi “jadidlarizidan.uz” platformasi orqali ariza topshirdi. Ariza topshiruvchilar soni ko‘pligi sababli tanlovning maktab bosqichi tashkil etilib, o‘quvchilar saralab olindi.



Tanlovning tuman (shahar) bosqichida 1733 nafar 6-8-sinf, 1732 nafar 9-10 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

Ular tanlov Nizomiga asosan ikkita shart asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Dastlab har bir ishtirokchi jadidlar hayoti va ijodiga oid 25 ta test savollariga javob berdi. Test natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar 2-shartda bilet tortish orqali tanlovning tuman (shahar) bosqichlari uchun tavsiya etilgan jadidlarning hayoti va ijodiga oid savollarga o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.


Har ikki toifa bo‘yicha faxrli 1-o‘ringa munosib deb topilgan o‘quvchi-qizlar tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri