Mamlakatimizda so‘ngi yillarda sud-huquq sohasida tarixiy islohotlar qat’iyat bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sudlarning mustaqilligini ta’minlash va mavjud muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan ko‘plab normativ hujjatlar qabul qilingani sohada muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Islohotlarning tub mohiyati yangilangan bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan normalarga asoslanmoqda va o‘z navbatida, Konstitutsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hujjat bo‘lishi, ya’ni uning normalarini sudlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadida, Oliy sud Plenumining qarorlari ham qabul qilindi.
Bugungi kunda Konstitutsiya (http://old.lex.uz/docs/20596) ustuvorligi, qonun oldida tenglik, insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, sud jarayonida tortishuv tamoyillarini tatbiq etish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirib kelinayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Bunga yaqqol misol sifatida joriy yil 20 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan A.Zokirov va D.Nazarovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rsatish mumkin.
Sud tomonidan ko‘rilgan ushbu jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan sud muhokamasi davomida ko‘plab guvohlar so‘roq qilindi, bank va notariat xodimlarining ko‘rsatmalari tinglandi, ish materiallari har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, “GM Parts Car” MCHJ rahbari A.Zokirov 2020 yilda “O‘zsanoatqurilishbank” Qirguli filialidan 300.000 AQSH dollari miqdorida kredit olgan. Bu mablag‘lar Xitoyning “Jack Sewing Machine Co. LTD” kompaniyasidan tikuv mashinalari sotib olish uchun ajratilgan edi. Biroq keyinchalik ushbu kredit mablag‘lari maqsadli ishlatilmagani, tikuv mashinalari sotilib ketgani va bankka 1,8 milliard so‘mga yaqin zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli tergov organlari tadbirkor D. Nazarovni ham jinoyatga sherik sifatida ayblab, ishga jalb qilgan.
U “Jack Sewing Machine Co. LTD” kompaniyasining O‘zbekistondagi dilleri bo‘lgan va shartnoma tuzishda vositachilik qilgan. Sud majlisida har ikki sudlanuvchi ham o‘z ko‘rsatmalarini berdi. A.Zokirov aybini qisman tan oldi, ammo D.Nazarov o‘zini aybsiz deb hisobladi. Uning fikricha, faqat kompaniya bilan shartnoma tayyorlashda yordam bergan, moliyaviy jarayonlarga aralashmagan. Guvohlarning ko‘rsatmalari ham Nazarovning bu ishdagi roli faqat vositachilik bilan cheklanganini tasdiqladi.
Notarius N.Usmonov qalbaki hujjat A.Zokirov orqali keltirilganini, uning haqiqiyligiga shubha qilmaganini ma’lum qildi. Bu holat Nazarovning qalbaki hujjatga aloqador emasligini ham aniq ko‘rsatdi.
Sud yakunida tadbirkor D.Nazarov O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi
“b” bandi va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, JPKning 83-moddasi tartibida oqlandi.
Sud haqiqatni aniqlab, aybsiz insonni jinoiy javobgarlikdan himoya qildi. Bu esa jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov amaliyotidagi muhim yutuqlardan biri bo‘lib qoladi.
Adolat mezoni — faqat jinoyatni jazolashda emas, balki aybsizni oqlashda ham namoyon bo‘lishi kerak.
Zero, muhtaram yurtboshimiz rahbarligida sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir insonlarning orzularini ro‘yobga chiqarish hamda uning uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga keng imkoniyat yaratishdir.
Husanboy Omonov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Marg‘ilon shahar sudining sudya yordamchisi.
O‘zA