Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Yaponiya – O‘zbekiston Ipak yo‘li jamg‘armasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha ishchi guruh raisi Minagava Yoshitsugu boshchiligidagi Yaponiya biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, kun chiqar yurt ilg‘or tajribasini mamlakatimiz agrar sohasiga joriy etish va investitsiya loyihalarini amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar tarmoqlarni modernizatsiya qilish, qayta ishlash sanoatini kuchaytirish va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish orqali sheriklikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Xususan, Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sektor hamkorligida ipakchilikni rivojlantirish, shuningdek yapon tajribasi asosida choy yetishtirish, logistika va “smart” texnologiyani joriy etish tashabbuslari ilgari surildi.
Uchrashuvda Toshkent davlat agrar universitetida Yapon tili va agrotexnologiyalar yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish hamda tajriba almashish dasturlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yakunda belgilangan loyihalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga o‘zaro tayyorlik bildirilgan mazkur uchrashuvni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida texnologiya, ta’lim va innovatsiya uyg‘unligiga asoslangan hamkorlikning yangi davri sifatida baholash mumkin.
M.Pirmatova, O‘zA