Xorazmda o‘tkazilayotgan “Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazma-festivali doirasida milliy gilamchilik san’atiga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazma o‘z ishini boshladi.
Ko‘rgazmada mamlakatning turli hududlaridan kelgan hunarmandlar, dizaynerlar va tadbirkorlar bilan bir qatorda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg‘onistondan tashrif buyurgan hunarmandlar, soha olimlari hamda san’at mutaxassislari qatnashadi.Ustalar o‘z noyob gilam namunalari bilan ishtirok etishmoqda.
An’anaviy naqshlar, tabiiy bo‘yoqlar va qo‘lda to‘qilgan durdona asarlar tomoshabinlarga o‘ziga xos madaniy merosni his qilish imkonini berayotir.
[gallery-25792]
Mehmonlar esa milliy mahsulotlarga katta qiziqish bildirmoqda va ustalar bilan samimiy suhbatlashmoqda.
– Aytish joizki, yurtingizning har bir hududida gilamchilik maktabi shakllangan,– deydi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi direktori Akif Marifli. – Xorazm gilamlari nozik va detalli naqshlari bilan, Samarqand ustalari ipak gilamlardagi yuqori mahorati bilan, Buxoro va Qashqadaryo maktablari esa milliy gilamchilik an’analarini boyitganligi bilan ajralib turadi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan gilamlarni tamosha qilar ekansiz, naqshlarda o‘tmish, bugun va kelajak tasvirlanganining guvohi bo‘lasiz. Usta hunarmandlarning mahoratiga qoyil qolmasdan iloji yo‘q.
Xorazm gilamchilik san’ati ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, arxeologik topilmalar miloddan avvalgi birinchi ming yillikka oid gilam namunasini tasdiqlaydi. Ko‘rgazmada nafaqat yangi ishlanmalar, balki qadimda to‘qilgan nodir va qimmatbaho gilamlar ham namoyish etilmoqda.
– Xorazm gilamchilik san’ati – bu nafaqat xalqimiz tafakkuri va didi, balki uning sabri, mehnati va badiiy dunyoqarashining ko‘zgusidir, – deydi xivalik gilamchi hunarmand Madirim Matkarimov. – Bu yerda gilam to‘qish san’ati miloddan avvalgi davrlardayoq shakllangan. Ajdodlarimizdan bizga qadar asrab-avaylangan bu an’analar yangi nafas, zamonaviy dizayn va innovatsiyalar bilan boyitilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: hozir Xorazm viloyatida 500 dan ortiq hunarmand gilamdo‘zlik yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Ularning mahsulotlari nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda yuqori talabga ega. Shu sababdan xalqaro tadbir nihoyasida savdo-sotiq, investitsiya va qo‘shma hamkorlik loyihalari bo‘yicha bir qator shartnoma va bitimlar imzonalishi kutilmoqda.
“Gilamlar jilosi” xalqaro ko‘rgazma-festivali doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari