Samarqand davlat pedagogika institutida Turkiyaning Ordu universiteti dotsenti Murat O‘zkan qalamiga mansub “Samarqand tarixi” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi.
Samarqand shahri kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Samarqand davlat pedagogika instituti rektori Sh. Negmatova Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Ordu universiteti bilan ilmiy va madaniy hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq, Ordu universiteti dotsenti Murat O‘zkan qalamiga mansub “Samarqand tarixi” nomli kitob chop etildi.

– Mazkur asar Samarqandning boy tarixiy merosi, madaniyati va sivilizatsiya rivojlanish bosqichlarini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, uning yaratilishi ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi, – dedi institut rektori.

Taqdimot davomida muallif Murat O‘zkan onlayn aloqaga chiqib, kitobni yozish jarayoni, tarixiy manbalarni tanlash va ilmiy izlanishlar haqida ma’lumotlar berdi. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Samarqand tarixi yuzasidan turli savollar bilan murojaat qilib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha javoblar oldilar.

Tadbir davomida, shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilindi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari