Livan sudi Liviyaning marhum rahbari Muammar Qaddofiy (1942-2011)ning o‘g‘li Hannibal Qaddofiyni 11 million dollar garov evaziga ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Tergov sudyasi 17 oktyabr kuni Adliya saroyida o‘tkazilgan so‘roqdan so‘ng shunday xulosaga keldi. Bu haqda mahkumning advokati jurnalistlarga ma’lum qildi.
"Al-Jazeera" xabar berishicha, Muammarning 50 yoshli farzandi 2015 yildan beri Livanda hibsda saqlanmoqda. U qo‘shni Suriyada siyosiy surgunda yashagan payti Amal jangarilari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va Livan huquq-tartibot idoralariga topshirilgan. 2017 yil sudlanuvchiga 1978 yil Liviyada g‘oyib bo‘lgan shia imomi Muso As-Sadr haqidagi ma’lumotni yashirish aybi qo‘yilgan.
M.Pirmatova, O‘zA