Buxarestdagi ko‘p qavatli uyda kuchli portlash sodir bo‘ldi. Ruminiya poytaxti Favqulodda vaziyatlar inspeksiyasi ma’lumotiga tayanib, "Arab News" xabar berishicha, hodisa sakkiz qavatli binoning beshinchi va oltinchi qavatlarida kuzatilgan. 5-sektordagi Kalya Raxovey ko‘chasida yuz bergan fojia joyiga o‘ndan ortiq tez yordam mashinasi, jumladan 11 o‘t o‘chiruvchi va to‘rt ko‘chma jonlantirish bo‘limi yetib kelgan.
Halokat sababi hozircha noma’lum, rasmiylar ehtiyot chorasi sifatida hudud gaz ta’minotidan uzilganini aytdi.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘pchilik jarohatlangani, kuygani, qurbonlar ham borligini ma’lum qildi.
Keyinroq mas’ullar oltinchi qavatda beton plita ostidan bir kishining jasadi topilgani haqida xabar berdi. Kamida 13 kishi poytaxt shifoxonalariga yetkazilgan.
Ayni payt binodan aholi to‘liq ko‘chirilgan. Qutqaruvchilar qamalib qolganlarni aniqlash maqsadida maxsus amaliyot o‘tkazdi. Buxarest ta’lim inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yaqin atrofdagi maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari ham evakuatsiya qilingan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati tomonidan taqdim etilgan video tasvirda portlash oqibatida jiddiy shikastlangan har ikki qavatdagi burchak xonadonlar holati aks etgan. To‘lqin kuchi qo‘shni xonadonlar derazalarini ham sindirgan. Vayronalar yon-atrofga sochilib ketgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xabarida portlash tufayli eng yaqin joylashgan yana bir turar-joy binosi shikastlangani, bino peshtoqi yorilgani qayd qilingan.
M.Pirmatova, O‘zA