AQSH yetakchisi Donald Tramp payshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytishicha, u yaqin kunlarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda uchrashmoqchi. Tramp Yevropaga yordam berish, ko‘plab odamlar hayotini saqlab qolishga harakat qilayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
Ya’ni, Rossiya – Ukraina urushi global mojaroga aylanishining oldi olinishini ta’kidlagan. Uning fikricha, mazkur keng ko‘lamli urush boshlanishiga sobiq prezident Jo Bayden tomonidan yuritilgan noto‘g‘ri siyosat sabab bo‘lgan.
– Ukraina Putinning e’tiborida edi, agar men rahbar bo‘lganimda, Putin hech qachon bunday yo‘l tutmagan bo‘lardi, – degan Tramp. – Bu voqea AQSH tomonidan ba’zio‘ta muvaffaqiyatsiz qarorlar qabul qilingani tufayli sodir bo‘ldi. Men lavozimni qabul qilganimda bu masala bilan bog‘liq hamma ish “palapartish” holatda edi. Urushni to‘xtatish harakatini o‘zimiz uchun qilmayapmiz. Bizni Yevropa bilan okean ajratib turadi. Bu ishni Yevropaga yordam berish uchungina qilyapmiz. Ular urush tugashini xohlaydi, lekin o‘zlari to‘xtata olmayapti. O‘ylaymanki, biz muvaffaqiyatga erishamiz va bu bilan ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolamiz.
Matbuot anjumanida Tramp Putin bilan Budapeshtdagi uchrashuvi “ehtimol, ikki hafta ichida” bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, avval davlat kotibi Marko Rubio RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashadi. Muzokarada vitse-prezident Jey Di Vens va maxsus vakil Stiv Uitkoff ham ishtirok etadi.
Tramp Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi munosabat yomonligi ular o‘rtasida uchrashuv tashkil qilishga to‘sqinlik qilayotganini bildirdi. Shuningdek, Rossiya yetakchisi bilan AQSH tomonidan “Tomvagavk” uzoq masofali raketalari yetkazib berilishi masalasi muhokama qilingani, mazkur taklif Putinni “juda norozi” qilganini ta’kidladi.
Bugun esa Tramp AQSHga tashrif buyurgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilyapti. Muloqot chog‘ida, jumladan, Ukrainaga AQSH raketalari yuborilishi mavzusi muhokama qilinadi. Bu haqda Tramp bir necha kun oldin ham gapirgan edi. Zelenskiy ta’kidlashicha, agar Ukraina ushbu raketalarni qo‘lga kiritsa, ushbu qurol faqat harbiy ob’ektlarga qarshi qo‘llanadi. Kecha Tramp Putin bilan ikki soat telefon orqali gaplashgan. Suhbatdan so‘ng ular Budapeshtda uchrashishga kelishib olgan. Tramp suhbat samarali kechganiga urg‘u berdi.
Ukraina rahbari esa ijtimoiy tarmoq sahifasida “Moskva “Tomagavk”lar haqida eshitgandan keyingina muloqotni tiklashga oshiqyapti” – deb yozdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/es2Uv_uqbQI" title="Tramp yana Putin bilan uchrashmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA