O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida aholiga jami 15,1 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 barobarga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2021 yildan boshlab aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi yil sayin ortib bormoqda. Xususan, 2021 yil — 28,3 trillion so‘m, 2022 yil — 35,8 trillion so‘m, 2023 yil — 46,4 trillion so‘m, 2024 yil — 67,7 trillion so‘m, 2025 yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra — 76 trillion so‘mni tashkil etgan.
So‘nggi to‘rt yilda aholiga jami 73,3 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p ipoteka kreditlari Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari aholisiga ajratilgan.
Eng kam hajmdagi ipoteka krediti Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 236,8 milliard so‘mni tashkil etdi.
2025 yilning 9 oyida jami 50,1 ming fuqaro ipoteka krediti olgan. Shundan 20 ming 297 nafar ayollar, 29 ming 803 nafari erkaklardan iborat. Shundan 5,98 trillion so‘m ayollarga, 9,08 trillion so‘m esa erkaklarga to‘g‘ri keladi.
Uy bozori tahliliga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ipoteka kreditlarining 74 foizi birlamchi uy bozoriga, 26 foizi esa ikkilamchi uy bozoriga yo‘naltirilgan.
Ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkalari yil davomida 17–22 foiz oralig‘ida shakllandi.
Bu natijalar mamlakatimizda aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish va uy-joy siyosati samaradorligini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi sifatida qayd etilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA