Prezidentimiz raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur institutni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev shu haqda fikr bildirdi:
– Mahalla tuzilmasi – xalq hayotiga eng yaqin bo‘lgan boshqaruv bo‘g‘ini sifatida juda katta o‘zgarishlarga, aholi hayot tarzining o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda.
Mahallalarda “yettilik” tizimi joriy etilgani ham aholining turmush darajasi yaxshilanishiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirishda zarur bo‘ladigan kredit, kam ta’minlangan oilalarga subsidiya, kompensatsiyalar ajratilishi kabi yuzdan ortiq xizmatlar mahallaning o‘zida hal etilayotir. Natijada bu fuqarolarning kambag‘allikdan chiqishiga, ishsizlik darajasining keskin pasayishiga xizmat qilmoqda.
Bunday islohotlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega.
Prezidentimiz mahalla tizimidagi barcha masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Oilaviy munosabatlar, yoshlar tarbiyasi, jamiyat ongini sog‘lomlashtirish, ayniqsa, har bir mahalla yagona jamoa sifatida harakat qilsa, natija ham shunga yarasha bo‘lishi, mahallada tinchlik, hamjihatlik aynan mana shu mas’ullarning xatti-harakatlariga bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Mahallada yashayotgan aholining o‘z xonadonlarini toza tutishi, ko‘chalar, ariqlar, xiyobonlarning ozoda bo‘lishi shu mahalla faollarining, yoshi katta otaxon va onaxonlarning yuzi ekani, bu bilan mahallaga baraka kirishi alohida qayd etildi.
Shu maqsadda yurtimizda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilindi. Bunda, aholi tomonidan daraxt ekish, mahallada yashil hududlarni ko‘paytirish, obodonlashtirishga katta e’tibor qaratiladi.
Endilikda mahalla aholisi yashil hudud qilish tashabbusi bilan chiqsa, ularga 10 sotixgacha yer maydoni ajratib beriladi. Shu bilan birga, mahallalarda tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, bo‘sh ob’ektlardan unumli foydalanish, aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar mamlakat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Berilayotgan bunday imtiyozlar mahalla tizimini yangi bosqichga olib chiqish, bunday tashabbuslar har bir fuqaroning hayotiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga, mamlakatimizda ijtimoiy birdamlik, mas’uliyat, hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhimi, mahallalarni obod etishga oid tashabbuslar amalga oshishiga har birimiz mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0cid1qb2gVg" title="Mahallalarni obod etishga oid tashabbuslar amalga oshishiga masʼuliyat bilan yondashish kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova,
Yo.Meliboyev (video), O‘zA