Avval xabar berganimizdek, 21 sentyabr kuni Angliya premer ligasining 5-turi doirasida “Manchester Siti” tarkibida maydonga tushgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov jarohat olgan edi.
Afsuski, 5 oktyabrga qadar maydonga qaytishi kutilgan Abduqodir hamon jarohatdan qutula olmadi. Natijada ikki hafta davom etgan FIFA kunlarini ham o‘tkazib yubordi. Ma’lum bo‘lishicha, himoyachimiz 18 oktyabr kuni Angliya premer ligasining 8-turida “Everton” jamoasiga qarshi maydonga tusha olmasligi oydinlashdi.
Shu sababli, bo‘lajak o‘yin oldidan 21 yoshli himoyachimiz umumiy guruh mashg‘ulotlarida ishtirok etmadi va jismoniy yuklamalarga ko‘nikish maqsadida hozircha faqat individual mashqlarni bajarmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: “Manchester Siti” tarkibida xalqaro tanaffusdan oldin jarohati bo‘lgan to‘rt nafar yetakchidan ikkitasi – Rayan Ayt-Nuri, Umar Marmush umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shildi va “Everton” bilan bo‘ladigan uchrashuvda ishtirok etish ehtimoli yanada oshdi. Rodri va Abduqodir esa jismoniy holatini tiklash uchun yana ma’lum muddat yakka tarzda shug‘ullanishi talab etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA