Imperatorlar tarix davomida butun davlatlarni boshqargan, xalq taqdirini belgilagan va yurti taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan shaxslardir.
Ular faqat siyosiy yetakchilar emas, balki madaniyat, ilm-fan va me’morchilik taraqqiyotiga ham katta hissa qo‘shganlar. Har bir imperatorning hukmronlik davri o‘z davrining iqtisodiy, harbiy va ma’naviy qiyofasini namoyon etgan.

Xitoyning Sian shahri yaqinida joylashgan Sin Shixuangdi imperatorining dafn majmuasi muzeyi o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega maskan.

Muzey tarixi...
Sin Shixuangdi (mil. av. 259–210 yillar) — Xitoyni birinchi marta yagona davlatga birlashtirgan imperator hisoblanadi. Sin Shixuangdi imperatorining dafn majmuasi muzeyida 8 mingdan ortiq terrakota askari, otlar va aravahoyatlar topilgan. Bu kashfiyot 1974 yilda mahalliy dehqonlar tomonidan suv qazish vaqtida aniqlangan. Mazkur majmua YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Muzey Xitoyning eng yirik arxeologik kashfiyotlaridan biri bo‘lib, “Dunyodagi sakkizinchi mo‘’jiza” deb ham ataladi.
Muzeyda turli pavilonlar bo‘lib, u yerda askarlar, aravahoyatlar, qurollar va qo‘rg‘onish tizimlari namoyish etilgan. Bu yerga tashrif buyurish — nafaqat tarix bilan tanishish, balki qadimgi Xitoy madaniyatini his qilish imkoniyati hamdir.

Muzeyning birinchi pavilonida 6 000 dan ortiq askar safda turgan holda namoyish etilgan. Bu Sin davridagi haqiqiy qo‘shin tarkibini aks ettiradi. Haykallarning balandligi 175–200 sm atrofida. Olimlar bu haykallar real odamlardan ilhomlanib yasalgan deb hisoblaydi. Chunki har bir haykal haqiqiy inson qiyofasiga ega. Ammo ularning yuz-ko‘zlari, kiyimlari va mimikalari turlicha. Askarlar gilimdan (terrakotadan) yasalgan, keyin yog‘och qolipda pishirilgan. Ular avval qizil, yashil, ko‘k ranglarga bo‘yalgan bo‘lgan, lekin vaqt o‘tishi bilan ranglari yo‘qolib ketgan. Askarlar Sin imperiyasining harbiy qudrati, intizomi va yuksak tashkiliy darajasini namoyon qiladi.

Ikkinchi pavilonda o‘qchilar, otliqlar, aravahoyatlar kabi turli harbiy qo‘shin tarkiblari joylashgan. Bundan tashqari bu yerdan ko‘plab bronza qurollar ham topilgan. Uchinchi pavilon esa qo‘mondonlik markazi sifatida qurilgan deb hisoblanadi. Bu yerda yuqori darajali harbiylar haykallari joylashgan. Uchinchi pavilon 1976 yilda topilgan. Hajmi juda katta emas: maydoni taxminan 500 m². Muzeyning bu qismi butun Terrakota armiyasining “miyasi” sifatida ko‘riladi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yerda jang boshlanishidan oldin strategiya ishlab chiqilgan. Birinchi va ikkinchi pavilon qo‘shin tarkibi bo‘lsa, uchinchi pavilon — boshqaruv markazi bo‘lgan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Sin Shixuangdi butun dunyoga hukmron bo‘lishni istagan. Shuning uchun 8 mingga yaqin “haqiqiy” askar uning qabrini qo‘riqlashi uchun yasalgan. Bugungi kunda muzey dunyodagi eng yirik arxeologik topilmalardan biri hisoblanadi.

Qiziqarli jihati — har bir zalda haykallar turli tartibda joylashgan va ulardan tarixiy jarayonlar jonlanadi. Muzeyni to‘liq tomosha qilish kamida 2–3 soat vaqtni talab etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8XuFfO1d-u0" title="Dunyoning sakkizinchi mo‘jizasi ..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva,
Iskandar Ismatov, O‘zA