Yaqinda Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanish holatlari keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishida to‘g‘ri ovqatlanish muhim o‘rin tutadi.
Bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash yo‘lida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sohada ayrim kamchiliklar uchrab turibdi. Poytaxt va yirik shaharlardagi maktabgacha ta’lim muassasalari yaxshi ta’minlangan bo‘lsa-da, olis hududlarda joylashgan bog‘chalarda oziq-ovqat sifati, xilma-xilligi va gigiyena talablariga rioya qilishda kamchiliklar kuzatilmoqda. Bu esa bolalar sog‘lig‘iga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda ovqat tayyorlashda ishtirok etayotgan xodimlarning malakasi har doim ham yetarli emasligi, ayrim muassasalarda oshpazlar va yordamchi xodimlar uchun kasbiy qayta tayyorlash kurslari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.
Deputatlar saylov okruglarida ayni shu yo‘nalishda uchrayotgan tizimli muammolarni o‘rtaga tashladilar. Bu bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarning amaliy tashabbuslari, muammolarning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar va byudjet mablag‘larining to‘g‘ri taqsimlanishida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etilishini so‘rashdi.

Shuningdek, sanitariya-epidemiologiya nazorati mavjud bo‘lsa-da, amaliyotda ayrim holatlarda u yuzaki amalga oshirilmoqda yoki belgilangan talablarga to‘liq amal qilinmayapti.
Munozaralar davomida har bir viloyat va tuman kesimida sog‘lom ovqatlanish standartlariga rioya qilinishini qat’iy nazorat qilish uchun mustaqil audit tizimini joriy etish, bog‘cha oshpazlari va ovqatlanish bo‘limi xodimlari uchun doimiy amaliy seminar va treninglar tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida ekologik toza, mahalliy mahsulotlar yetkazib beruvchilarni jalb etish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA