Germaniyaning "SINN Power" kompaniyasi ichki suvda toza energiya ishlab chiqarish konsepsiyasini o‘zgartira oladigan noyob vertikal suzuvchi quyosh elektr stansiyasini foydalanishga topshirdi.
Xorij ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, ushbu majmua Bavariyaning Starnberg mintaqasidagi Yays shag‘al konida joylashgan. Qurilma quvvati 1,87 MVt, bu yuzlab xonadonni tok bilan ta’minlash uchun yetarli. Panel ko‘l hududining atigi 4,65 foizini egallagan.
– Mazkur innovatsion loyihaning birinchi bosqichida tarmoqdagi energiya sarfini odatiy iste’mol darajasiga nisbatan qariyb 60 foiz kamaytirish imkonini berdi, – deydi "Kies- und Quetschwerk Jais" kompaniyasi direktori Gottfrid Jeys. – Tizim takomillashtirilgach, quyosh energiyasining umumiy samaradorligi 70 foizga yetdi.
"Skipp-Float" tizimi quyosh panelini vertikal tarzda sharqdan g‘arbga yo‘naltiradi va an’anaviy gorizontal holatdan farqli o‘laroq, kun davomida energiya ishlab chiqarish imkonini yaratadi.
Panellar bir-biridan to‘rt metrli suv yo‘laklari bilan ajratilgan bo‘lib, yorug‘likni aks ettiradi va tabiiy havo aylanishini ta’minlaydi.
– Jarayon juda oddiy, yer talab qilinmaydi, tizim ishlab chiqarish bilan mukammal uyg‘unlashadi, – deydi mutaxassis. – Asosan kunduzi, ayniqsa mart-dekabr oylari, quyoshli kunda faol ishlaydigan stansiyaning tuzilishi kemani eslatadi: 1,6 metr chuqurlikda o‘rnatilgan modullar shamol va o‘zgaruvchan suv sathi ta’sirida erkin harakatlana oladi.
Energiya ko‘l ekotizimini buzmasdan, suzuvchi sim va qirg‘oq ulanish nuqtasi orqali tarmoqqa uzatiladi.
Dastlabki ekologik monitoring majmua atrof-muhitga zarar yetkazmasligini ko‘rsatdi. Aksincha, suzuvchi inshoot atrofidagi suv sifati yaxshilandi, baliqlar, suv qushlari uchun yangi tabiiy yashash joyi hosil bo‘ldi.
– Energiyani saqlash va almashish jarayonini diqqat bilan kuzatib boramiz, tez orada yanada tejamkor va samarali yechimlar topilishiga umid qilamiz, – deya xulosa qildi Jeys.
Go‘zal Sattorova, O‘zA