O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga rasmiy tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Londonda yetakchi moliyaviy institutlar hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan qator muzokara va uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida infratuzilmaviy va sanoat sohalarini rivojlantirish, eksportni moliyalashtirish, energetika va “yashil” iqtisodiyotga sarmoya jalb etish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, xalqaro bozorlarga moliyaviy vositalarni chiqarish va muomalani yo‘lga qo‘yish yo‘llari ham ko‘rib chiqildi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa respublikamizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida vazir investitsiya-bank sektori, yirik moliyaviy guruhlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jamg‘armalari va xalqaro eksport-kredit agentliklari vakillari bilan ham uchrashdi. Tomonlar integratsiyani chuqurlashtirish, savdo mexanizmini takomillashtirish va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Dastur yakunida ISSV rahbari “Yangi O‘zbekiston - ulkan imkoniyatlarga ega yirik mamlakat” nomli taqdimot shousida qatnashdi. Tadbirda yurtimizda kechayotgan islohotlar, kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida ma’lumot berilib, iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari namoyish qilindi.

G.Sattorova, O‘zA