Joriy yilning 15 oktyabr kuni “AirAsia X” aviakompaniyasi Kuala-Lumpurdan Toshkentga birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozni amalga oshirdi.
Shu munosabat bilan bugun Toshkent shahrida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, “AirAsia X” aviakompaniyasi, “Capital A” kompaniyalar guruhi mas’ullari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda Malayziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Tua Bin Illias, “AirAsia X” aviakompaniyasi bosh direktori Benyamin Ismoil, “Capital A” kompaniyalar guruhi mustaqil ijrochi raisi Datuk Kamarudin Meranun so‘zga chiqib, yangi yo‘nalish o‘zbekistonlik sayohatchilarga “Visit Malaysia Year 2026” arafasida mamlakatning tabiati va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini yaratishini ta’kidladi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston va Malayziya mamlakatlari o‘rtasida har tomonlama aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Xususan, mazkur yo‘nalishning ishga tushirilishi doirasida “AirAsia X” aviakompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi turizm qo‘mitasi ikki mamlakat o‘rtasidagi turizmni rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bugungi kunda ushbu hamkorlik doirasida tomonlar qo‘shma marketing tashabbuslari, hamkorlikni kengaytirish dasturlari va madaniy almashinuv loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

– Kecha “AirAsia XA-330” reysi soat yettilarda Toshkent xalqaro aeroportiga omon-eson qo‘nganidan juda xursandman. Mazkur parvozda yo‘lovchilar to‘ldirilish ko‘rsatkichi 85 foizni tashkil etdi. Bu aviakompaniyamizning Kuala-Lumpurdan Toshkentga amalga oshirgan ilk parvozi bo‘ldi. Qaytib ketgan reys esa 70 foiz to‘ldirilish bilan amalga oshirildi. Birinchi kundanoq katta talab va yo‘lovchilar sonining yuqoriligi meni juda quvontirdi. “AirAsia” kompaniyalar guruhi Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi 235 ta shaharni bog‘lab turadi. Bu faqat o‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchun Kuala-Lumpurga parvoz qilish imkoniyatini emas, balki Indoneziya, Avstraliya, Yaponiya, Xitoy va boshqa yo‘nalishlarga ham qulay tarzda uchish imkoniyatini yaratadi. Asosiy maqsad esa xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlashdir. “AirAsia” tashkil etilgan ilk davrdanoq har bir insonga parvoz qilish imkoniyatini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ma’lumki, aviachiptalar narxi ko‘pchilik uchun qimmat sanaladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, aholining 40-50 foizi hali samolyotda uchmagan yoki birinchi marta parvoz qilish uchun bir necha yil davomida mablag‘ jamg‘aradi. Kompaniyamiz aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, hamyonbop va qulay parvoz imkoniyatlarini yaratmoqda, – dedi “AirAsia X” aviakompaniyasi bosh direktori Benyamin Ismoil.
“Capital A” kompaniyalar guruhi mustaqil ijrochi raisi Datuk Kamarudin Meranun qayd etganidek, ushbu yangi yo‘nalish ikki mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
– “AirAsia” avvaldan mavjud bo‘lgan aviakompaniya bo‘lib, uning tarixi 1996 yildan boshlanadi. O‘shanda aviakompaniya faqatgina ikkita samolyotga va 250 nafar xodimga ega edi. Bugun esa faxr bilan aytish mumkinki, “AirAsia” bugungi kunda qariyb 900 million yo‘lovchini tashigan. Kompaniya Osiyo bo‘ylab 135 ta yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirmoqda. Hozir bizda 250 ta samolyot mavjud bo‘lib, yana 400 tasi yaqin vaqtlarda flotimizga qo‘shiladi. Shu tariqa, uning rivojlanish tarixi 2001 yilda bir necha insonning tashabbusi bilan boshlanib, bugungi kunda butun mintaqani qamrab olgan yirik aviakompaniyaga aylandi. Kecha amalga oshirilgan parvoz bizni O‘zbekiston bilan bog‘ladi va bu hamkorlik bardavom bo‘lishini tilab qolaman, – dedi u.
Matbuot anjumani yakunida mutaxassislar jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA