Yosh qalbda jasorat uyg‘otish oson emas. Ammo tarix orqali vatanparvarlik, burch va sadoqat haqidagi haqiqatlar yurakdan joy oladi.
Sirdaryo tumanidagi 525- safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” ishtirokchilarga ma’naviy saboqlar berdi.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda faxriylar, amaldagi harbiy xizmatchilar va xizmatni endi boshlagan yosh askarlar bir sahnada jam bo‘ldi. Ularning yuz-ko‘zlarida turfa davrlarning izi, biroq qalblarida yagona tuyg‘u– Vatanga sadoqat bor edi.

“Uch avlod uchrashuvi” bu shunchaki muloqot emas, balki turli avlodlarning taqdiri, xotirasi va burchi uyg‘unlashgan ruhiy dars bo‘ldi. Afg‘on urushi qatnashchilari – o‘tmishning jasorat ramzlari, bugungi ofitserlar – zamonaviy armiyaning qudrati va intizomini ifodalovchi timsollar, yosh askarlar esa yangi avlodning umidli davomchilari sifatida bir davrada o‘tirishdi.
Tadbir “Uch avlod – bir tarix, bir taqdir, bir burch” g‘oyasi asosida tashkil etildi. Bu g‘oyaning mohiyati: vaqt o‘tadi, zamonlar o‘zgaradi, ammo Vatanga muhabbat, burch va sadoqat abadiy qoladi.
Afg‘on urushi faxriylarining “Ochiq muloqot”i yoshlar qalbida chuqur iz qoldirdi.

– “Askar – bu qurol tutgan yigit emas, millat sha’nini yelkasida ko‘tarib yuradigan inson”, – dedi faxriylarning biri. – “Urush – do‘stlikning eng oliy sinovi.
Yosh askarlar tingladilar, ko‘zlarida iftixor hissi jilvalandi.
– Bugungi “Uch avlod uchrashuvi”ning ahamiyati beqiyos. Afg‘on urushi faxriylari – jasorat va sadoqat ramzi, xizmatdagi ofitserlar – intizom va mas’uliyat namunasi, yosh askarlar esa kelajakda Vatanni himoya qiladigan yangi avlod. Ular bir joyda uchrashar ekan, bu nafaqat muloqot, balki ma’naviy tarbiya jarayonidir. Bunday tadbirlar orqali yoshlar Vatanni sevish, uni himoya qilish va unga xizmat qilish ma’nosini yurakdan his etadilar, – dedi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi raisi Azizbek Rahmonov.

Tadbir doirasida Afg‘onistonda xizmat qilgan harbiylarning shaxsiy ashyolari, fotosuratlar va hujjatlardan iborat ko‘rgazma tashkil etildi. Bu eksponatlar orqali yoshlar o‘tmishning nafasini his etdilar.

Harbiylar ishtirokidagi badiiy-publitsistik chiqishlar, vatanparvarlik videolavhalari va qo‘shiqlar tadbirga yanada tantanavor ruh bag‘ishladi. Bu sahnalar orqali har bir ishtirokchi Vatanni sevish – bu faqat so‘zlar emas, amal, sadoqat va burch ekanini yana bir bor angladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri