Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamkorligida “O‘zbek harbiy atamashunosligi: bugungi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbir mamlakatimizda harbiy soha va davlat tili siyosatining uyg‘unligi, xususan, istiqlol davrida harbiy atamalarni milliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ayni kunda soha oldida turgan dolzarb vazifalar xususida fikr almashish uchun o‘ziga xos minbar bo‘ldi.
Davra suhbatini mudofaa vazirining vatanparvarlik targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon O‘sarov olib bordi. U o‘z so‘zida davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilgan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, harbiy sohada ham davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish bo‘yicha qator topshiriqlar belgilab berilganini ta’kidladi.
Tadbirda o‘tgan vaqt davomida bu borada amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Jumladan, bugungi harbiy atamalar milliy manbalar asosida shakllantirilishi, ayniqsa, harbiy sohada qo‘llaniladigan ko‘plab atamalarning o‘zbek tilidagi muqobilini amaliyotga joriy qilish masalasi olimlarimiz va tilshunoslarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Davra suhbatida olimlarimiz tomonidan “Istiqlol davri harbiy atamashunosligining tarixiy ildizlari” mavzusida ma’ruza qilinib, o‘zbek harbiy atamalarining ildizlari qadimiy yodgorliklarga, xususan, “Devonu lug‘otit-turk” va “Qutadg‘u bilig” kabi asarlardagi leksik birliklarga borib taqalishi, Sohibqiron Amir Temur davrida esa harbiy atamalar yanada takomil topgani haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mas’ul xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Nodirbek Jo‘raqo‘ziyev o‘z chiqishida sohada amalga oshirilayotgan metodologik ishlar va yangilangan harbiy atamalarni amaliyotga tatbiq etish jarayonlari haqida so‘z yuritdi.
Shu bilan birga, filolog olimlarimiz tomonidan taqdim etilgan “Harbiy sohaga oid atamalarni o‘zbekchalashtirish masalalari” mavzusidagi ma’ruzada istiqlol davrida harbiy lug‘atchilik, termin yaratish va tarjima sohasidagi asosiy ilmiy yo‘nalishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zaro muhokama jarayonida harbiy sohada davlat tilida ish yuritish madaniyatini kuchaytirish, harbiy atamalarda milliy uslubni ta’minlash, zamonaviy harbiy fan talablariga mos yangi atamalarni muomalaga kiritish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Davra suhbati yakunida harbiy atamashunoslik sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarni yanada faollashtirish, Mudofaa vazirligi va Davlat tilini rivojlantirish departamenti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda davlat tilidagi harbiy atamalar lug‘ati va uslubiy qo‘llanmalarni yaratish vazifalari belgilandi.
Tadbirning badiiy qismida harbiy ansambl tomonidan kuylangan ona tilimiz jozibasi va latofatini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
N.Usmonova, O‘zA