Sirdaryo viloyati Yoshlar markazi hovlisida yorqin xotiralarga boy, ijodiy ruhda o‘tgan “Yoshlar oqshomi” tadbiri yoshlarning ochilmagan qirralarini namoyon etdi.
Tadbir viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan, Yoshlar agentligining Guliston shahar bo‘limi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda Guliston davlat universiteti va Guliston davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etildi.

Kecha gulxan atrofidagi samimiy suhbatlar, musiqiy dasturlar va ijodiy chiqishlar bilan boshlandi. Yoshlar bir-birining ijodini tinglashdi, yangi g‘oyalar bilan o‘rtoqlashishdi, bir soatga bo‘lsa-da, ijod va ilhom olamida birlashdilar.

Dastlab Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Mirqodir Sa’dullayev yoshlarning taklif va tashabbuslarini tingladi. Yoshlar tomonidan bildirilgan eng qiziqarli g‘oyalardan biri — “Yoshlar oqshomi”ni muntazam ravishda o‘tkazish taklifi bo‘ldi. Bu tashabbus ijobiy qo‘llab-quvvatlanib, endi bunday ijodiy kechalar har hafta tashkil etiladigan bo‘ldi.

– Bu faqatgina dam olish yoki ko‘ngilochar kecha emas. Bu — yoshlar bir-birini tinglaydigan, g‘oyalarini baham ko‘radigan va yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadigan makonga aylanishi lozim, – dedi Mirqodir Sa’dullayev.

Uchrashuv yakunida gulxan atrofidagi ijodiy chiqishlar, qo‘shiqlar va musiqiy kuylar kechaga o‘ziga xos fayz bag‘ishladi. Qo‘llarda gitara, yuzlarda tabassum, dillarda esa ilhom — ana shunday muhitda yoshlar qalbida yangi orzular va yangi rejalar tug‘iladi.

Kechaning ilhomli kayfiyati, yoshlar orasidagi birdamlik va do‘stona muhit ularning ertangi kundagi faolligi hamda ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga yangi turtki berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri