«Gamma Systematics» loyihasi milliy sog‘liqni saqlash ekotizimining yangi bo‘g‘ini bo‘ladi
Tibbiyotda inqilobiy o‘zgarishlar uzoq texnologik izlanishlar ortidan yuzaga keladi. O‘zbekiston ilm-fan olami ana shunday tarixiy bosqichni qarshi oldi: 2027 yilga borib mamlakatda tibbiy radioizotoplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi uchun, balki butun mintaqadagi ilmiy salohiyat uchun burilish nuqtasidir.

Mazkur tashabbus kuni kecha bo‘lib o‘tgan “Yadro energetikasi va yadro texnologiyalarining zamonaviy muammolari” nomli xalqaro konferensiya doirasida e’lon qilindi. Tadbirda «Gamma Systematics» kompaniyasi tomonidan qiymati 15 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan loyiha taqdim etildi.
Loyiha maqsadi O‘zbekistonda zamonaviy radioizotop ishlab chiqarish majmuasini barpo etish. Shunda mamlakat o‘zining diagnostika va terapiyada qo‘llaniladigan yadro tibbiyoti mahsulotlarini mustaqil ishlab chiqara oladi. Bu esa importga qaramlikni kamaytirib, zamonaviy davolash usullarini har bir bemor uchun yaqinlashtiradi.

—Bizning maqsadimiz faqat yangi texnologiyani yaratish emas, balki uni har bir inson hayoti uchun foydali qilishdir, — deydi «Gamma Systematics» asoschilaridan biri, tadbirkor va metsenat Ravshan Ubaydullayev.
Uning fikricha, bu loyiha O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda yadro tibbiyotining ilg‘or markazlaridan biriga aylantiradi.

Yangi ishlab chiqarish majmuasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti ko‘magida amalga oshiriladi. Rejaga ko‘ra, 2027 yil boshida zamonaviy Siklotron majmuasi ishga tushadi. Bu kompleks orqali onkologik, yurak va autoimmun kasalliklarda ishlatiladigan radionuklidlar ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, loyiha sog‘liqni saqlash tizimida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ilmiy tadqiqotlar bazasini kuchaytirish va tibbiy innovatsiyalarni eksportga yo‘naltirish imkonini beradi.

–Radioizotoplar ishlab chiqarish bu – yadro tibbiyotining yuragi. Bizning maqsad zamonaviy diagnostika va davolash usullarini aholiga barqaror yetkazish va O‘zbekistonning texnologik mavqeini mustahkamlash, — deydi «Gamma Systematics» direktori Said Rustamov.
Forum doirasida davlat idoralari, ilmiy markazlar, ta’lim va biznes vakillari yadro tibbiyoti rivojining strategik yo‘nalishlarini, xalqaro hamkorlik va eksport salohiyatini muhokama qildilar.
Yadro tibbiyotining rivoji bu faqat yangi texnika yoki ilmiy kashfiyotgina bo‘lib qolmay, avvalo, inson hayoti, salomatligi va kelajagi uchun tikilayotgan katta sarmoya hamdir.
Qolaversa, «Gamma Systematics» tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ilm-fanni iqtisodiyot bilan uyg‘unlashtirish, yuqori texnologiyali tibbiy infratuzilmani rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish strategiyasiga to‘liq mos keladi.
Shu bilan birgalikda, loyiha milliy iqtisodiyot rivojiga, malakali kadrlarni tayyorlashga ham ulkan hissa qo‘shadi, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratadi, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi va barqaror o‘sishni ta’minlaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fpCn2OjkGNk" title="O‘zbekistonda radioizotoplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, O‘zA