Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi (JICE) bilan hamkorlikda JDS – “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiya taqdim etish” loyihasi doirasida davra suhbati tashkil etdi.
Vazirlik va idoralarning inson resurslari va xalqaro aloqalar bo‘limlari vakillari ishtirok etgan tadbirda JDS loyihasi orqali davlat tuzilmalarida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, hamkorlik samaradorligini oshirish va tanlov jarayonlarining oshkoraligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Davra suhbati ishtirokchilari loyiha bitiruvchilari bilan tajriba almashdi. Shuningdek, JDS bitiruvchilarini kadrlar salohiyatini rivojlantirish jarayoniga faol jalb etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, JDS (The Project for Human Resource Development Scholarship) loyihasi Yaponiya hukumati ko‘magida amalga oshirilib, hozirga qadar 450 nafarga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis mazkur davlatning yetakchi universitetlarida tahsil olgan.
N.Abduraimova, O‘zA