Tara Rid ismli ayol Jo Bayden senator bo‘lgan o‘tgan asr 90-yillarida uning yordamchisi vazifasini bajargan. Negadir, oradan ancha vaqt o‘tgach, ya’ni 2020 yil bahorida juvon Baydenni 1993 yildan boshlab o‘ziga tazyiq o‘tkazishda ayblab, bayonot berdi.
Tara aytishicha, Jo Baydenga qarshi ko‘rsatma bergandan keyin u hamma narsasi, jumladan ishidan ham ayrilgan. Shundan keyin Amerikada yashash xavfli, deb hisoblagan Rid 2023 yil Rossiyaga ko‘chib o‘tgan.
“Washington Post” gazetasi taxminan 20 nafar o‘sha yillari Baydenning yonida ishlaganlar bilan suhbat o‘tkazgan va ayblovni tasdiqlovchi hech qanday dalil topolmagan. Aksincha, gazeta surishtiruvida ayolning tarjimai holiga doir qator ziddiyatlar, masalan oliy ma’lumotli emasligi aniqlangan. Juvon esa AQSH matbuoti va Demokratik partiya amaldorlari uning arziga e’tibor bermaganidan shikoyat qilgan.
2024 yil iyul oyi o‘rtalarida Tara Rid ushbu mavzuni yana ko‘tardi. Ya’ni, AQSHga qaytib, Kongressga Baydenning o‘ziga nisbatan “jinsiy zo‘ravonligi” bo‘yicha shikoyat arizasi topshirish niyatini bildirgan. Qizig‘i, bu bayonot Bayden prezidentlikka da’vogarlikdan chekinganidan bir necha kun oldin yangragan.
Tara Rid Rossiyaga kelgach, davlat ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilgan. Jumladan, 2024 yil Moskvaga kelgan Taker Karlsonga ham intervyu bergan.
Shuningdek, Kreml nazoratidagi RT telekanali bilan hamkorlik qilgan. “Meduza” nashri yozishicha, RF fuqaroligini olish uchun, odatda, besh yil shu mamlakatda yashash talab qilinadi. Faqat davlat rahbari muhim, deb hisoblagan holatlar bundan mustasno. Aynan shunday imtiyoz Ridga nisbatan ham qo‘llangan, chunki u zarur muddat yashamagan bo‘lsa-da, Rossiya fuqarolik pasportiga ega.
Ko‘pchilikni qiziqtirgan yana bir savol bor: Jozefga qarshi ko‘rsatma asosida siyosiy mazmun yashirin, deyish mumkinmi? Axir, bugun Bayden siyosiy sahnada yo‘q-ku! Qolaversa, avvalgi bayonotlar ham tasdig‘ini topmagan bir payt Tara eski masalani yana qo‘zg‘ashiga sabab nima ekan?
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7Nqc6HMzY3Q" title="Ishdagi ishq yoki Baydenga qarshi fitna" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA