Oltin kuzning muhim voqeasi - “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida bir varakayiga 3 ta yirik ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Bular: “Heimtextil”- interer, “Apparel Sourcing” – tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, “Texworld” –mato, aksessuarlar va to‘qimachilik ishlab chiqarish texnologiyalari bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmalar. Aytish kerakki mazkur namoyishlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning xalqaro tekstil bozorlariga kirib borishi uchun tadbirkorlarimizga yo‘l ochib beradi. Bu yerda shuningdek “Bolalar uchun mahsulotlar va yechimlarning xalqaro ko‘rgazmasi” ham o‘z faoliyatini boshladi.
14-16 oktyabr kunlari 8 ming kvadrat metr joyda 300dan ortiq kompaniyalar, shu jumladan bizni bozorda doimo ishtirokchi bo‘lgan yirik xaridorlar ko‘rgazma pavilonlarini diqqat bilan kuzatib boradilar. Tabiiyki kuchli raqobat muhitida har bir ishlab chiqaruvchi ko‘proq shartnomalar tuzishga intiladi, ichki va tashqi bozorga mo‘ljallangan eng sara mahsulotlarini namoyish qilishga urinadi.
- Bu galgi ko‘rgazma ikkinchi bor o‘tkazilmoqda, - deydi “MesseFrankfurt” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Yevgeniy Alles. - O‘tgan yili ushbu namoyishlar CAEx da tashkil qilingandi. Bu yil yana shaharga qaytdik. Navbatdagi ko‘rgazmamizda 20 foiz o‘sish kuzatildi. Tekstil sanoatining barcha yo‘nalishlari qamrab olindi va xalqaro talablar asosida o‘tmoqda. Zero, “Messe Frankfurt” kompaniyasi bunday ko‘rgazmalarni tashkil etishda xalqaro tajribaga ega. Xitoy, Parij, Nyu-York shaharlarida ana shu kabi yirik ko‘rgazmalarni o‘tkazganmiz. Bu borada Toshkent Markaziy Osiyo mintaqasida muhim strategik hudud hisoblanadi. O‘ndan ortiq davlatlarning tadbirkorlari ishtirok etmoqda. Ayniqsa, Xitoy mahsulotlari uchun juda keng maydon ajratildi. Chunki, ushbu mamlakat bu sohada ko‘p yillardan buyon yetakchilik qilib keladi. O‘zbekiston ham tekstil tarmog‘ida mintaqada tez rivojlanib borayotgan yetakchi davlatlardandir.
Masalan, Namangan viloyatining Davlatobod tumanidan kelgan tadbirkor ko‘rgazmada 54 xil mahsulotini taqdim etdi. Asosan ommabop bo‘lgan, mavsumga mos bejirim erkaklar kiyimlari. Hozirda korxona rahbari 6 mln dollarlik eksport shartnomasiga ega bo‘lsada, biroq ushbu raqamni 10 mln dollarga yetkazmoqchi.
Bugun O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini 90 dan ortiq mamlakatga eksport qilmoqda. Bu borada tayyor mahsulotlar ulushi yildan yilga ko‘payib boryapti. Bunga asosan shu kabi yirik ko‘rgazmalarda namoyish qilinayotgan tayyor mahsulotlar, podiumlar, erishilgan shartnomalar va tor doiradagi uchrashuvlar muhim o‘rin tutmoqda. Ko‘rgazma doirasida tadbirkorlar uchun B2B uchrashuvlari, panel muloqotlar, sessiyalar, mahorat darslari, qiziqarli suhbatlar ham tashkil etilayotir.
Ko‘rgazma namoyishlari rang-barangdir. Uy va interer uchun tabiiy matolardan iborat tekstil, to‘qmachilik, tayyor kiyim-kechaklar, aksessuarlar, zamonaviy texnologiya va innovatsion yechimlar. Albatta bularning barchasi bugungi kun talabidan kelib chiqadigan, mavsumga mos takliflar.
Yana bir e’tiborli tomoni, tekstil mahsulotlarimiz uchun an’anaviy bozor geografiyasi endi Yevropa, AQSH, Yaqin Sharq davlatlaridan kelgan kelgan 200 nafardan ortiq xaridorlar hisobiga yanada kengayishi kutilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6v8Wy5IPkD4?si=Qt0v6R2i_i10VOdZ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Hamroz Bayonov, O‘zA