Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga 7 mingta mahalla meva-sabzavot, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yo‘nalishga ixtisoslashdi. 3 ming 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizim bilan qamrab olingani uchun 1,5 million oila daromadli bo‘ldi.
Mahalla bankirlari, hokim yordamchilari har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan mikroloyiha qilishi uchun ularga joriy yilda 6,5 trillion so‘m resurs berildi.
Lekin shuncha resurs berilsa-da, hamma hokimlar va “mahalla yettiligi” ham bir xil ishlamayotgani ta’kidlandi. Hududlardagi 2 ming 356 ta mahallada esa hali ixtisoslashuv darajasi ancha past.
Mutasaddilarga barcha mahallada ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda mahallalar aholisi bilan uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan mikroloyihalarni shakllantirish topshirildi.
Kelasi yildan meva-sabzavotga ixtisoslashgan 2 ming 682 ta mahallaga sanoat olib kirish uchun imtiyozli resurslar, avvalo, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash loyihalariga beriladi.
O‘zA