Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Tuman hokimlari berilayotgan mablag‘dan oqilona foydalanib, “mahalla yettiligi” bilan yangi yondashuvlar asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.
Masalan, Norindagi Sho‘rariq mahallasi atrofidagi yana 6 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan markazga aylanmoqda. Bundan ruhlanib, “Zamonaviy guzar, servis markazi, bog‘cha, maktab quraman, ishlab chiqarish qilaman!”, deb o‘nlab tadbirkorlar tashabbus bilan chiqdi.
Atrofidagi 6 ta mahalla shtatidan to‘g‘ri foydalanib, tejalgan mablag‘ hisobidan arxitektor va urbanist jalb qilingani natijasida ushbu 7 ta mahalla qiyofasini butunlay o‘zgartirish uchun imkoniyat paydo bo‘lyapti.
–Chunki tadbirkorlar ishini boshlash va biznesini kengaytirish uchun, birinchi navbatda, yaxshi joy so‘rayapti. Har bir mahallada gavjum ko‘cha bormi – bor! Bo‘sh yer va binolar bormi – bor! Faqat mutaxassis bilan shu joyning loyihasini tayyorlab, infratuzilma qilib berish kerak, – deb vazifa qo‘ydi Prezident.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Islohotlar shtabi bilan birga birinchi bosqichda 33 ta tuman va 330 ta mahallada ishlarni ana shunday yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
O‘zA