Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan xususiy mulk huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat M.Ahmedova. — Shu bilan birga, xususiy mulk huquqining har qanday buzilishi uchun javobgarlikni ta’minlash, ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining bir qismiga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish — qayta ijaraga berishning huquqiy asoslarini belgilash zaruriyati yuzaga kelmoqda. Shundan kelib chiqib, deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ko‘tarilgan takliflari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi o‘ziga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan biri yoki bir nechtasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berishi) mumkinligi normasi aks ettirilyapti. Shuningdek, loyihada ayrim qonun hujjatlariga tovarlarning, xizmatlarning va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga yoki tovarlarning realizatsiya qilinishiga qonunga xilof ravishda aralashganlik yoxud to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda xususiy mulk huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirish, yerdan foydalanuvchilarning kafolatlangan huquqlari ta’minlanishiga hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanish imkonini oshirishga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA